Iqtisod

O‘zbekiston va Jahon banki yangi iqtisodiy o‘sish drayverlarini muhokama qildi

O‘zbekiston va Jahon banki yangi iqtisodiy o‘sish drayverlarini muhokama qildi
O‘zbekiston va Jahon banki yangi iqtisodiy o‘sish drayverlarini muhokama qildi  / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 24 sentyabr kuni mamlakat iqtisodiy o‘sishining yangi drayverlarini izlashga bag‘ishlangan missiya doirasida Jahon banki ekspertlari bilan uchrashdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot xizmati va kommunikatsiyalar boshqarmasi xabar berdi.

Uchrashuvda Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxassin, Yevropa va Markaziy Osiyodagi amaliyotlar bo‘yicha mintaqaviy direktori Abebe Adugna, Xalqaro moliya korporatsiyasining O‘zbekiston va Turkmaniston bo‘yicha mintaqaviy rahbari Nil Makkeyn, shuningdek, boshqa masʼul vakillar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlanishning yangi bosqichiga o‘tkazish istiqbollari va iqtisodiy o‘sishning yuqori surʼatlarini barqaror saqlab qolish vazifalarini muhokama qildi. Yangi o‘sish manbalarini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, xususiy sektor faolligini oshirish va investitsiyalarni rag‘batlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi. Ustuvor vazifalar qatorida yangi va sifatli ish o‘rinlari yaratilishi uchun qulay sharoitlarni shakllantirish ham belgilandi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar iqtisodiyot tarmoqlarining salohiyatini oshirish va tadbirkorlik muhitini yana-da takomillashtirish bo‘yicha fikr almashdi. O‘zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish va mamlakatning global qiymat yaratish zanjirlaridagi ishtirokini kengaytirish choralari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar iqtisodiy islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida konstruktiv muloqotni davom ettirish va hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.

Shuningdek, O‘zbekistonda uzoq muddatli, barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni taʼminlash uchun yangi imkoniyatlarni birgalikda o‘rganish rejalashtirilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.