FIDE 2026 yil shaxmat finaliga arizalar qabul qilmoqda

FIDE 2026 yil shaxmat finaliga arizalar qabul qilmoqda

FIDE 2026 yil shaxmat finaliga arizalar qabul qilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) jahon shaxmat chempioni unvoni uchun o‘tkaziladigan o‘yinni qabul qilish bo‘yicha arizalarni qabul qilish boshlanganini eʼlon qildi. Mazkur bahs amaldagi chempion — Hindiston vakili Dommaradju Gukesh hamda O‘zbekistonlik daʼvogar Javohir Sindarov o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

Tashkilot maʼlumotiga ko‘ra, o‘yin dastlabki rejaga muvofiq 2026 yil 23 noyabrdan 17 dekabrgacha bo‘lgan davrda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Tadbirning umumiy davomiyligi taxminan 25 kunni tashkil etadi, yakuniy reglament esa 1 iyulga qadar tasdiqlanishi lozim.

FIDE shuningdek o‘yinni o‘tkazish bo‘yicha asosiy parametrlarni ochiqladi. Umumiy byudjet 8,5 mln AQSH dollariga baholanmoqda, minimal mukofot jamg‘armasi esa 2,5 mln dollar etib belgilangan. Ariza beruvchilar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarda tijorat, homiylik va teletranslyatsiya huquqlari bo‘yicha shartlar batafsil yoritilishi talab etiladi.

O‘yinni o‘tkazish bo‘yicha arizalar FIDE kotibiyati tomonidan qabul qilinadi. Ular uchun so‘nggi muddat 2026 yil 31 may etib belgilangan, biroq tashkilot bu muddatni uzaytirish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

Dommaradju Gukesh amaldagi jahon chempioni bo‘lib, u 2024 yilda xitoylik grossmeyster Din Lijenni mag‘lub etib, tarixdagi eng yosh chempionga aylangan. Javohir Sindarov esa 2026 yilda daʼvogarlar turnirida g‘alaba qozonib, ushbu o‘yinda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Kutilishicha, o‘yin vaqtida har ikki shaxmatchi ham 20 yoshda bo‘ladi, bu esa mazkur bahsni jahon shaxmat chempionatlari tarixidagi eng yoshlar ishtirok etgan o‘yinlardan biriga aylantirishi mumkin.

Shu bilan birga, taʼkidlanishicha, Gukesh chempionlik unvonini qo‘lga kiritgandan so‘ng avvalgi natijalarini namoyish etmagan: 2025 yilda u birorta turnirda g‘alaba qozonmagan va bu tendensiya 2026 yilda ham saqlanib qolmoqda.

Avvalgi jahon shaxmat toji uchun o‘yin Gukesh va Din Lijen o‘rtasida 2024 yil 25 noyabrdan 12 dekabrgacha Singapurda bo‘lib o‘tgan. Ushbu bahsni o‘tkazish uchun Hindistonning Chennay va Nyu-Deli shaharlari ham daʼvogarlik qilgan edi. O‘yin Resorts World Sentosa majmuasi hududida joylashgan Equarius Hotel mehmonxonasida o‘tkazilgan, bosh homiy sifatida esa Google kompaniyasi ishtirok etgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling