Farg‘ona viloyatida suv taʼminotini rivojlantirish loyihalari muhokama qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Belarus Respublikasining suv taʼminoti va suvni tozalash sohasida faoliyat yurituvchi "Formula of Water Group" kompaniyasi vakili Juk Dimitriy hamda kompaniyaning O‘zbekistondagi vakili Bobur Aslanovni qabul qildi.
Uchrashuvda viloyatimizda suv taʼminoti infratuzilmasini takomillashtirish, aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash hamda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
"Formula of Water Group" suv taʼminoti va suvni tozalash sohasida kompleks yechimlarni taklif etuvchi kompaniyalar guruhi bo‘lib, obyektlarni loyihalash, zamonaviy uskunalarni ishlab chiqarish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish, ishga tushirish va keyingi servis xizmatlarini ko‘rsatishgacha bo‘lgan to‘liq ish jarayonini qamrab oladi.
Muloqot davomida Juk Dimitriy kompaniyaning xalqaro tajribasi, amalga oshirilgan loyihalari haqida taqdimot qildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mazkur yo‘nalish bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash taʼminlanishini bildirdi. Shuningdek, masʼul rahbarlarga investorlar bilan yaqin hamkorlik qilish, zarur ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Uchrashuvda dastlab Quva tumanida ichimlik suvi taʼminotida muammosi bo‘lgan mahallalarda loyihani tajriba-sinov tariqasida amalga oshirish, erishilgan natijalar asosida uni viloyatning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich joriy etish masalasi yuzasidan fikr almashildi.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlashga kelishib olindi.