Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning umumiy sug‘urta sohasidagi yirik sug‘urta kompaniyalari 2026 yilning birinchi yarmida sof sug‘urta mukofotlarini juda notekis surʼatlarda oshirdi. Bozor yetakchisi — «Apex Insurance» AJ yig‘imlarni 41,2 foizga oshirgan bo‘lsa, yirik va o‘rta kompaniyalarning ayrimlarida o‘sish bir necha barobar yuqori bo‘lgan, baʼzi kompaniyalarda esa, aksincha, sug‘urta mukofotlari kamaygan. Bu haqda Milliy istiqbolli loyihalar agentligi (ILMA) xabar berdi.
Umumiy sug‘urta sohasidagi jami sof sug‘urta mukofotlari 46,2 foizga oshib, 5,446 trillion so‘mni tashkil etdi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 3,724 trillion so‘m bo‘lgan.
«Apex Insurance» AJ 1,524 trillion so‘mlik ko‘rsatkich bilan birinchi o‘rinni saqlab qoldi. Bu natija eng yaqin raqobatchisi — “My-Insurance” AJ ko‘rsatkichidan qariyb uch baravar yuqori. Ushbu kompaniyaning sug‘urta mukofotlari 36,5 foizga oshib, 483,9 milliard so‘mga yetdi.
Uchinchi o‘ringa «Kapital Sug‘urta» AJ ko‘tarildi. Kompaniya yig‘imlarni ikki baravardan ko‘proq — 108,2 foizga oshirib, 480,9 milliard so‘mga yetkazdi.
“O‘zbekinvest” AJ EISK ham sezilarli o‘sish qayd etdi — 53,8 foizga, 480,2 milliard so‘mgacha. «Kafolat Sug‘urta Kompaniyasi» AJda esa o‘sish 92,0 foizni tashkil etib, sug‘urta mukofotlari 294,3 milliard so‘mga yetdi.
Birinchi beshlikdan tashqaridagi kompaniyalar orasida eng yuqori o‘sish surʼati «Imkon Sug‘urta» AJda qayd etildi. Uning sug‘urta mukofotlari qariyb to‘rt baravar — 293,1 foizga oshib, 55,6 milliard so‘mni tashkil qildi. «Infinity Insurance» AJda o‘sish 163,1 foizni tashkil etib, mukofotlar 69,0 milliard so‘mga yetdi. «Neo Insurance Corp» AJda esa ushbu ko‘rsatkich 143,4 foizga oshib, 89,0 milliard so‘mni tashkil qildi. «Alfa Invest Sug‘urta Kompaniyasi» AJ ham sezilarli o‘sish qayd etib, yig‘imlarini 88,0 foizga oshirdi va 138,8 milliard so‘mga yetkazdi.
Barcha kompaniyalar ham yig‘imlarni oshira olmadi. «Asia Insurance Sug‘urta Kompaniyasi» AJda sug‘urta mukofotlari 9,5 foizga kamayib, 60,9 milliard so‘mni tashkil etdi. «Ishonch Sug‘urta Kompaniyasi» AJda esa mukofotlar 11,1 foizga qisqarib, 39,9 milliard so‘mga tushdi. Faoliyat yuritayotgan kompaniyalar orasida eng sezilarli pasayish «Semurg Sug‘urta» AJda qayd etildi — sug‘urta mukofotlari 71,9 foizga kamayib, bir yil avvalgi 26,6 milliard so‘m o‘rniga 7,5 milliard so‘mni tashkil qildi.
Bozorda qayta sug‘urtalash segmengida yangi ishtirokchi ham paydo bo‘ldi. «O‘zbekiston Qayta Sug‘urta Kompaniyasi» NPK AJ hisobot davrida 3,3 milliard so‘m miqdorida sof sug‘urta mukofotlarini yig‘di.