Abduqodir Husanov Osiyoning eng qimmat futbolchisi bo‘ldi
Abduqodir Husanov Osiyoning eng qimmat futbolchisi bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Angliyaning «Manchester City» klubi himoyachisi Abduqodir Husanov 3 iyun kuni Transfermarkt portali tomonidan eʼlon qilingan yangilangan bozor baholari natijalariga ko‘ra Osiyoning eng qimmat futbolchisiga aylandi.
Manba maʼlumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik futbolchining transfer qiymati 50 mln yevroga yetgan. So‘nggi olti oy ichida uning bozor bahosi 15 mln yevroga oshgan.
Qayd etilishicha, Husanov 2025 yil yanvar oyidan buyon «Manchester City» safida to‘p surmoqda. U bungacha Fransiyaning «RC Lens» klubida faoliyat yuritgan va aynan shu jamoadan Angliya klubiga o‘tgan. Futbolchining «Manchester City» bilan shartnomasi 2029 yil yozigacha amal qiladi.
Osiyoning eng qimmat futbolchilari reytingida ikkinchi o‘rinni Germaniyaning «Mainz 05» klubi sharafini himoya qilayotgan yaponiyalik futbolchi Kaishu Sano egalladi. Uning bozor qiymati 40 mln yevro deb baholangan.
Uchinchi o‘rinda Ispaniyaning «Real Sociedad» klubida o‘ynayotgan yaponiyalik yarim himoyachi Takefusa Kubo joy oldi. Uning transfer qiymati 30 mln yevroni tashkil etgan.
Yangilangan maʼlumotlar Yevropa chempionatlarida to‘p surayotgan yetakchi osiyolik futbolchilarning bozor qiymati o‘sib borayotganini aks ettiradi.