Xitoylik investorlar Fargʻona viloyatida yangi loyihalarni oʻrganmoqdalar
Xitoylik investorlar Fargʻona viloyatida yangi loyihalarni oʻrganmoqdalar
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlat rahbarlari tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar asosida hududlararo hamkorlik ham izchil kengayib, Farg‘ona viloyati bilan Xitoyning qator viloyatlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasida investitsiya, sanoat va savdo sohalarida o‘zaro manfaatli aloqalar mustahkamlanmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning "Guangdong Home Building – Decoration Materials Chamber" kompaniyasi bosh direktori In Yuysin boshchiligidagi xitoylik salohiyatli kompaniya rahbarlaridan iborat delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda xitoylik investorlar tomonidan Farg‘ona viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yirik investitsiya loyihalari bo‘yicha fikr almashildi.
Viloyat hokimi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar jadal surʼatlarda rivojlanib borayotgani, bu jarayon hududlararo hamkorlikni yana-da faollashtirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratayotganini taʼkidladi.
Muloqotda investorlar tomonidan viloyatimizda, xususan, Bag‘dod tumanida qurilish materiallari hamda metall konstruksiyalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sanoatning boshqa istiqbolli yo‘nalishlarida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari taqdim etildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bildirilgan har bir istiqbolli loyiha viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va sanoat salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab, ularni amalga oshirish jarayonida masʼul mutasaddilar tomonidan har tomonlama amaliy ko‘mak ko‘rsatilishini bildirdi.
Uchrashuv yakunida aniq investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash hamda hamkorlik ishlarini yana-da jadallashtirish bo‘yicha kelishib olindi.