Texnologiyalar

Oʻzbekiston 2026-yilda Global innovatsiya indeksidagi oʻrnini yaxshiladi

Oʻzbekiston 2026-yilda Global innovatsiya indeksidagi oʻrnini yaxshiladi
Oʻzbekiston 2026-yilda Global innovatsiya indeksidagi oʻrnini yaxshiladi / Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiya vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Global innovatsiya indeksi (GII) reytingi hisoboti Butunahon intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan Portulans instituti (AQSH), turli korporativ va akademik tarmoq hamda GII maslahat kengashi bilan hamkorlikda tayyorlanib, har yili sentabr oyida e’lon qilinadi. Reyting global tadqiqot va innovatsion rivojlanish bo‘yicha dunyo mamlakatlari faoliyatini baholaydigan yetakchi tadqiqot hisoblanadi hamda 2 ta subindeks va 7 ta yo‘nalish guruhiga birlashtirilgan 80 ga yaqin indikatorni o‘z ichiga oladi.

Joriy yil 29-sentabr kuni e’lon qilingan GIIning 2026-yil hisobotiga ko‘ra, Oʻzbekiston o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 2 pog‘ona o‘sib, 139 ta mamlakat orasida 77-oʻrinni egalladi.

Oʻzbekiston quyi va oʻrta daromad guruhida 36 ta mamlakat oʻrtasida kuchli 8 talik hamda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida 11 ta mamlakat ichida kuchli 4 talik mamlakatlar qatoridan joy oldi.

Reytingda innovatsiyalarga yo‘naltiriladigan sarmoya va resurslar (innovation input) subindeksida 68-o‘rin (1 pog‘onaga o‘sdi) va innovatsiyalar natijadorligi (innovation output) subindeksida 78-o‘rin (14 pog‘onaga o‘sdi) egalladi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston GII reytingiga ilk bor 2015-yilda qo‘shilgan bo‘lib, 141 ta mamlakat orasida 122-o‘rinni egallagan. Mamlakatimiz 2025-yilda 139 ta mamlakat orasida 79-o‘rindan joy olgan.

O‘zbekiston GII reytingida ilm-fan, tadbirkorlik va mehnat unumdorligi bo‘yicha jahonda yuqori natijalarni qayd etdi.

Xususan, mamlakatimiz “Ilm-fan va muhandislik sohasida bitiruvchilar” indikatorida 2-o‘rinni, “Tadbirkorlik siyosati va madaniyati” indikatorida 3-o‘rinni, “Startap va skaylaplarni moliyalashtirish” indikatorida 4-o‘rinni hamda “Mehnat unumdorligi o‘sishi” indikatori bo‘yicha 7-o‘rinni egalladi.

Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-21 son Farmoniga ko‘ra GII reytingida 2030-yilga kelib O‘zbekistonni dunyodagi yetakchi 60 ta innovatsion davlat qatoriga kiritish vazifasi hamda 2026-yilda 77-o‘rinni egallash maqsadli ko‘rsatkichi belgilangan.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.