Iqtisod

“O‘zbekneftgaz” Saneg aktivlarini olmaganini bildirdi

“O‘zbekneftgaz” Saneg aktivlarini olmaganini bildirdi
“O‘zbekneftgaz” Saneg aktivlarini olmaganini bildirdi / Foto: “Özbekneftgaz” AJ.

Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftgaz” AJ xususiy Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) kompaniyasining neft-gaz konlaridan foydalanish litsenziyalarining bir qismi bekor qilinganidan keyin uning aktivlari yoki ulushlarini qabul qilib olmaganini maʼlum qildi.

Davlat kompaniyasi vakillari bu haqda 27 oktyabr kuni to‘qqiz oylik faoliyat yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida maʼlum qildi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” AJ xabar berdi.

Jurnalist litsenziyalar qaytarib olinganidan keyin konlarni tezkor va moliyaviy boshqarish kim tomonidan amalga oshirilayotgani bilan qiziqdi. Kompaniya boshqaruvi raisining qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Abrorjon Xudoyberganov bu masalaga oydinlik kiritdi.

Uning taʼkidlashicha, “O‘zbekneftgaz”ning Saneg kompaniyasiga aloqasi yo‘q.

«Saneg — alohida tashkilot. U bizning bo‘ysunuvimizda emas va bu yo‘nalishda u bilan hamkorligimiz mavjud emas. Bu maʼlumotni biz eʼlon qilmaganmiz. Menimcha, uni eʼlon qilgan idoraga murojaat qilish to‘g‘riroq bo‘ladi», — dedi u.

Xudoyberganovning so‘zlariga ko‘ra, litsenziyalar bekor qilingani eʼlon qilinganidan keyin davlat kompaniyasiga Saneg‘ning hech qanday aktivlari yoki ulushlari o‘tkazilmagan. Hozirda konlarni kim boshqarayotgani va ularni o‘zlashtirish huquqini boshqa kompaniyalarga berish rejalashtirilayotgani haqida “O‘zbekneftgaz”da maʼlumot berilmadi.

Litsenziyalar qaytarib olingani haqida 8 oktyabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov maʼlum qilgan edi.

Uning aytishicha, bunga litsenziya shartlarining bajarilmagani va yer osti boyliklari uchastkalarini xo‘jalik faoliyatiga jalb etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmagani sabab bo‘lgan.

«Menga maʼlum bo‘lishicha, ushbu konlar ishga tushirilmagan, litsenziya shartlari esa bajarilmagan. Shuning uchun bugungi kunga kelib litsenziyalar bekor qilindi. Hozirda Geologiya vazirligi ulardan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqmoqda», — degan edi Murodov.

Agentlik rahbari konlar xususiy mulkka o‘tkazilmaganini ham aniqlashtirdi. Uning taʼkidlashicha, Saneg faqat yer qaʼridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyalarni olgan.

Qancha litsenziya bekor qilingani, bu qaror qaysi konlarga taalluqli ekani, ular qachon qabul qilingani va kompaniya foydalanishida qancha uchastka qolgani haqida Murodov maʼlumot bermagan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.