O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

O‘zbekistonda biometrik maʼlumotlarni saqlash qoidalari kuchaytirildi

UzDaily tahririyati · 06.08.2026 · 19:15 · 24 views
O‘zbekistonda biometrik maʼlumotlarni saqlash qoidalari kuchaytirildi
O‘zbekistonda biometrik maʼlumotlarni saqlash qoidalari kuchaytirildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki to‘lov tizimlari operatorlari, to‘lov xizmatlari provayderlari, faktoring elektron platformalari va kredit byurolarini mijozlarining biometrik maʼlumotlarini faqat respublika hududida saqlashga majbur qildi.

Markaziy bank boshqaruvining tegishli qarori Adliya vazirligi tomonidan 2026 yil 1 avgust kuni 3914-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi hamda rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kirdi.

Hujjat bir vaqtning o‘zida uchta amaldagi idoraviy hujjatga qo‘shimchalar kiritadi. O‘zgartishlar Markaziy bank boshqaruvining 2024 yil 24 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov xizmatlari provayderlari to‘lov tizimlarida axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash to‘g‘risidagi nizomga, 2025 yil 16 iyulda tasdiqlangan faktoring elektron platformalarining axborot tizimlari uchun axborot va kiberxavfsizlik bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga, shuningdek, 2025 yil 19 avgustda tasdiqlangan kredit byurolari uchun axborot va kiberxavfsizlik bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga taalluqlidir.

Yangi talablarga muvofiq, mijozlarni identifikatsiya qilish va autentifikatsiya qilishda foydalaniladigan jismoniy shaxslarning biometrik maʼlumotlari O‘zbekiston hududida saqlanishi shart.

Shu bilan birga, biometrik maʼlumotlarga kirmaydigan boshqa shaxsiy maʼlumotlar «Shaxsiy maʼlumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 27¹-moddasi uchinchi qismiga muvofiq respublika hududidan tashqarida ham saqlanishi va qayta ishlanishi mumkin.