O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

O‘zbekistonda banklarni islom modeliga o‘tkazish tartibi tasdiqlandi

UzDaily tahririyati · 06.08.2026 · 21:26 · 23 views
O‘zbekistonda banklarni islom modeliga o‘tkazish tartibi tasdiqlandi
O‘zbekistonda banklarni islom modeliga o‘tkazish tartibi tasdiqlandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Adliya vazirligi mikromoliya tashkilotlari va banklar faoliyatini qayta tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Unda ayrim kredit tashkilotlarini islomiy bank modeliga o‘tkazish mexanizmi belgilangan.

Hujjat «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun (2026 yil 27 martdagi O‘RQ-1126-son) ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan. O‘zgartishlar 2026 yil 1 avgustda 3656-1-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Yangi tartibga muvofiq, mikromoliya tashkilotlari faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiradigan mikromoliya banklariga aylantirilishi mumkin. Shuningdek, islomiy mikromoliya bankini islomiy bankka, islomiy bankni islomiy mikromoliya bankiga, islomiy mikromoliya bankini mikromoliya tashkilotiga, shuningdek bankni faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiradigan bankka aylantirish imkoniyati ham nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, hujjatga ko‘ra, islomiy bankka aylantirishga faqat o‘z faoliyatini to‘liq islomiy banking tamoyillari asosida amalga oshirayotgan mikromoliya bankiga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, o‘zgartishlar mikromoliya banklarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olish bo‘yicha qo‘shimcha talablarni ham belgilaydi. Xususan, ariza beruvchi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasining binoning shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligi haqidagi xulosasini taqdim etishi lozim. Ushbu talablar to‘siqsiz muhitni taʼminlash va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishni ham o‘z ichiga oladi.