O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Texnologiyalar

O'zbekiston va Alibaba Cloud sun'iy intellekt sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

UzDaily tahririyati · 16.07.2026 · 20:10 · 40 views
O'zbekiston va Alibaba Cloud sun'iy intellekt sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

O'zbekiston va Alibaba Cloud sun'iy intellekt sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning Shanxay shahrida o‘tkazilayotgan Butunjahon sun’iy intellekt konferensiyasi doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Alibaba Cloud kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari (Data Center), SI infratuzilmasini rivojlantirish hamda yuqori malakali AT mutaxassislarini tayyorlash yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Dastlab Alibaba Cloud vakillari kompaniyaning sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha strategiyasi, ilg‘or AI modellari, bulutli infratuzilma hamda sun’iy intellekt yechimlarini amaliyotga joriy etish borasidagi tajribasi haqida ma’lumot berdilar. Shuningdek, O‘zbekistonning yosh va salohiyatli inson kapitali, jadal rivojlanayotgan raqamli bozori hamda SI ekotizimini rivojlantirish borasidagi islohotlari yuqori baholandi.

Vazir O‘zbekistonda Alibaba Cloud'ning ochiq SI modellari va texnologiyalaridan foydalanayotgan mahalliy kompaniyalar soni ortib borayotganini qayd etib, sun’iy intellektni rivojlantirish, inson kapitalini yuksaltirish hamda mahalliy mutaxassislarning malakasini oshirish yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, mamlakatda Data markazlarni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, jumladan, "yashil" energiya asosidagi infratuzilma imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda sun’iy intellekt infratuzilmasini bosqichma-bosqich rivojlantirish, SI modellaridan foydalanish uchun zamonaviy platformalarni joriy etish hamda mahalliy ishlab chiquvchilar va korxonalar uchun sun’iy intellekt xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar, shuningdek, UZINFOCOM va UNICON-SOFT muhandislik jamoalari salohiyatidan samarali foydalanish, ularning mutaxassislarini Alibaba Cloud bilan hamkorlikda tayyorlash hamda sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa tarmoqlarda sun’iy intellekt yechimlarini joriy etishga qodir muhandislar jamoasini shakllantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Alohida e’tibor sun’iy intellekt bo‘yicha amaliy tajribaga ega mutaxassislarni tayyorlash, oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda davlat organlari va biznesning ehtiyojlariga mos SI yechimlarini ishlab chiqish masalalariga qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Sun’iy intellektni rivojlantirish markazi koordinatorligida loyihani amaliy bosqichga olib chiqish, texnik jamoalar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda dastlabki natijalarni joriy yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan ICT Week Uzbekistan doirasida taqdim etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.

Shuningdek, kelgusida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sun’iy intellekt agentlari (AI Agents) va amaliy SI yechimlarini (AI Use Cases) joriy etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.