Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD) 2027–2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgiladi. Tegishli kelishuvlarga 25 sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston hukumati va AFD o‘rtasidagi 7-yillik maslahatlashuvlar davomida erishildi.
O‘zbekiston tomoniga Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shohruh G‘ulomov, Fransiya tomoniga esa AFDning Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo departamenti direktori o‘rinbosari Virjini Bleytrax rahbarlik qildi.
Maslahatlashuvlarda Strategik islohotlar agentligi, ikki mamlakat diplomatik vakolatxonalari hamda AFDning O‘zbekistondagi mamlakat ofisi vakillari ham ishtirok etdi.
Tomonlar 2025 yil mart oyida O‘zbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifidan so‘ng erishilgan kelishuvlarni aniq mazmun bilan to‘ldirish va ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish zarurligini taʼkidladi.
So‘nggi 11 yil davomida AFD O‘zbekistonda umumiy qiymati qariyb 1,6 milliard yevro bo‘lgan 17 ta loyihani maʼqullagan. Amaldagi portfel energetika, suv taʼminoti va sanitariya, chorvachilik, raqamlashtirish hamda moliya sektori sohalaridagi umumiy qiymati 1,29 milliard yevrolik 13 ta loyihani o‘z ichiga oladi. O‘zlashtirilgan mablag‘lar hajmi qariyb 1 milliard yevroni yoki imzolangan kelishuvlar summasining 78 foizini tashkil etadi.
AFD guruhi doirasida xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash sohasida Proparco, texnik ekspertiza yo‘nalishida esa Expertise France bilan ham hamkorlik rivojlanmoqda. Yevropa Ittifoqi va Fransiya hukumati ishtirokida 55 million yevrodan ortiq grant mablag‘lari jalb qilingan.
Hozirgi bosqichda tomonlar amaldagi loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, yangi tashabbuslarni tayyorlash va konsepsiyalardan moliyalashtirish bosqichiga o‘tishni maqsad qilgan. Ayni paytda umumiy qiymati 604,2 million yevro bo‘lgan to‘qqizta loyiha tayyorlanmoqda.
2027–2030 yillar uchun energetikaga o‘tish va dekarbonizatsiya, suv taʼminoti, qishloq xo‘jaligi, shaharlarni barqaror rivojlantirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hamda davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish sohalari ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Yangi bosqichning indikativ portfeli umumiy taxminiy qiymati 1,125 milliard yevro bo‘lgan 11 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Unda energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shaharlarni rivojlantirish, irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, “yashil” iqtisodiyot hamda nosuveren moliyalashtirishni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar o‘rin olgan.
Yirik tashabbuslar qatorida Toshkent–Samarqand temir yo‘l liniyasini qayta tiklash va poytaxt jamoat transportini rivojlantirish loyihalari bor.
Shuningdek, tomonlar Qashqadaryo viloyatida ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini modernizatsiya qilish, Qoraqalpog‘istonda “Suyenli” kanalini rekonstruksiya qilish, Orolbo‘yi hududini rivojlantirish hamda issiqlik tarmoqlarini yangilash bo‘yicha loyihalarni tayyorlashni jadallashtirishni rejalashtirmoqda.
Erishilgan kelishuvlar maslahatlashuvlar protokolida mustahkamlanib, birgalikda monitoring qilish uchun taqdim etildi. 8-yillik maslahatlashuvlarni Fransiyada o‘tkazish rejalashtirilgan.