“Toshkent” birjasida 65,5 mlrd so‘mlik REPO bitimi tuzildi
“Toshkent” birjasida 65,5 mlrd so‘mlik REPO bitimi tuzildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Toshkent” respublika fond birjasida «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyatining korporativ obligatsiyalari bo‘yicha umumiy qiymati 65,5 milliard so‘mlik yirik REPO bitimlari amalga oshirildi. Ushbu operatsiyalar mamlakat kapital bozorini rivojlantirish va ipoteka moliyaviy instrumentlari likvidligini oshirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.
Bitimlar 6 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 fevraldagi PF–26-sonli «Uy-joy va ipoteka bozorini yana-da rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida o‘tkazildi. Hujjat ipoteka obligatsiyalarini fond birjasi orqali joylashtirish hamda ularning ikkilamchi bozordagi muomalasini rivojlantirishni nazarda tutadi.
REPO operatsiyalarining amalga oshirilishi korporativ va ipoteka obligatsiyalari bozori likvidligini oshirish, moliyaviy resurslar aylanmasini faollashtirish hamda bozor ishtirokchilari uchun qisqa muddatli moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Mutaxassislar fikricha, tuzilgan bitimlar investorlarning «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» obligatsiyalariga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, ular qarz instrumentlari bilan zamonaviy birja operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beruvchi “Toshkent” respublika fond birjasi savdo infratuzilmasining samaradorligini ham tasdiqlaydi.
“Toshkent” respublika fond birjasi kapital bozorini rivojlantirish, zamonaviy moliyaviy instrumentlarni joriy etish hamda korporativ va ipoteka qimmatli qog‘ozlarining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiluvchi sharoitlarni yaratish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.