Oʻzbekiston va Xitoyning BISU universiteti raqamli turizmni rivojlantirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Xitoyning BISU universiteti raqamli turizmni rivojlantirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov hamda Xitoyning sohadagi eng nufuzli oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri — Pekin xalqaro tadqiqotlar universiteti (BISU) vakillari o‘rtasida rasmiy uchrashuv va muhokamalar o‘tkazildi.
BISU Xitoy Xalq Respublikasining chet tillari, madaniyat va turizm sohasidagi yetakchi o‘quv yurti hisoblanadi. Universitet tarkibidagi Madaniyat va turizm akademiyasi XXR Madaniyat va turizm vazirligining asosiy tahliliy markazi (Think Tank) sifatida faoliyat yuritadi hamda sohadagi strategik qarorlarni ishlab chiqishda muhim o‘rin tutadi.
Muzokaralar davomida Abdulaziz Aqqulov BISU tomonidan ishlab chiqilgan va Xitoy turizm bozorini real vaqt rejimida kuzatuvchi, sun’iy intellekt hamda katta ma’lumotlar (Big Data) texnologiyalariga asoslangan “Smart Tourism Data System” raqamli platformasi imkoniyatlarini yuqori baholadi. Mehmonlar tomonidan ushbu tizimning ma’lumotlar integratsiyasi (Data Ingestion), mashinaviy o‘qitish modellariga (ML-models) asoslangan tahlil va prognozlash haqida batafsil taqdimot qilindi.
Uchrashuvning bosh mavzusi O‘zbekiston turizm sohasi uchun ham xuddi shunday innovatsion va yuqori texnologik axborot loyihasini (IT-data project) birgalikda yaratish taklifi bo‘ldi. Tomonlar raqamli platformani mamlakatimizda joriy etishning texnik, huquqiy va tashkiliy jihatlarini atroflicha muhokama qildilar.
Xususan, qo‘mita mutaxassislari tomonidan tizimning ishlash mexanizmlari, jumladan, ma’lumotlarni onlayn bronlash platformalari, mobil GPS, transport hamda mehmonxonalardan real vaqt rejimida qabul qilish usullari o‘rganildi. Shuningdek, xususiy sektor bilan hamkorlikning huquqiy asoslari, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash va xalqaro normativ talablarga rioya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Loyiha doirasida foydalaniladigan sun’iy intellekt algoritmlari nafaqat ichki turizm oqimini, balki xorijiy sayyohlar dinamikasini ham chuqur tahlil qilish imkonini beradi. Bu esa o‘z navbatida sayyohlar oqimi va ularning qoniqish darajasini aniq bashorat qilish hamda turizm obyektlarida xavfsizlikni eng yuqori darajada ta’minlashga xizmat qiladi.
Muzokaralar yakunida mazkur qo‘shma raqamli loyihani hayotga tatbiq etish bo‘yicha texnik shartlarni shakllantirish va o‘zaro tajriba almashishni davom ettirishga kelishib olindi.