O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Turizm

Oʻzbekiston va Malayziya turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

UzDaily tahririyati · 02.07.2026 · 17:15 · 25 views
Oʻzbekiston va Malayziya turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

Oʻzbekiston va Malayziya turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Tadjiyev Malayziya Turizm, san’at va madaniyat vazirligi delegatsiyasi rahbari Zulhelmi Zakariya boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, madaniy almashinuvni kengaytirish hamda qo‘shma turizm loyihalarini ilgari surish istiqbollari muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TITF) doirasida “Malaysia Culture Week 2026” ko‘rgazmasini tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston tomoni mazkur tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish uchun zarur ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirib, ushbu ko‘rgazma madaniy aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro sayyohlar oqimini oshirishda muhim platforma bo‘lishini ta’kidladi.

Shuningdek, tomonlar ikki mamlakat turizm sohasi vakillari o‘rtasida B2B uchrashuvlarini tashkil etish, tanishtiruv turlarini (FAM trips) o‘tkazish hamda Malayziya turoperatorlari ishtirokida “Umrah+” dasturini rivojlantirish masalalarini ham ko‘rib chiqdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi sayyohlik almashinuvini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.