Oʻzbekiston mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Oʻzbekiston mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 18–19-may kunlari bo‘lib o‘tgan Toshkent xalqaro migratsiya forumi doirasida mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi.
Dastlab, Toshkent viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Sultanbekov va Migratsiya agentligi Toshkent viloyati filiali rahbari Yusuf Kabuljanov Belarus Respublikasi vakili Valeriy Jigunov bilan o‘zaro hamkorlik yuzasidan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muzokaralar davomida mehnat migratsiyasi sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, fuqarolarni qonuniy va xavfsiz ishga joylashtirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, xorijda munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, viloyatimiz vakillari Rossiya Federatsiyasining Leningrad viloyati vakili Yuliya Kosareva bilan ham mehnat migratsiyasi sohasidagi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha muloqot olib bordilar.
Tomonlar mehnat bozoridagi ehtiyojlar, malakali kadrlarni tayyorlash, fuqarolarni qonuniy asosda ishga joylashtirish va ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Shu bilan birga, xavfsiz va tartibli mehnat migratsiyasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator shartnoma va kelishuvlar imzolandi.
Mazkur kelishuvlar aholi bandligini ta’minlash, xavfsiz va tartibli mehnat migratsiyasini rivojlantirish, fuqarolarning xorijdagi mehnat faoliyati uchun munosib shart-sharoitlar yaratish hamda xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.