O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 9,3 mlrd dollarga yetdi
O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 9,3 mlrd dollarga yetdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yilning yanvar–iyun oylarida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali O‘zbekistonga kelib tushgan valyuta mablag‘lari hajmi 9,3 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning ichki valyuta bozoriga oid sharhida maʼlum qilingan.
Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davrida mamlakatga kelib tushgan 8,2 milliard dollarga nisbatan 13 foizga, 2024 yil birinchi yarmidagi 6,5 milliard dollarga nisbatan esa 44 foizga yuqori bo‘ldi.
Hisobot davrida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatdan chiqib ketgan mablag‘lar hajmi 1,3 milliard dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich so‘nggi uch yil davomida deyarli o‘zgarishsiz qolmoqda. Xususan, 2024 yilda u 1,25 milliard dollar, 2025 yilda esa 1,23 milliard dollar bo‘lgan.
Natijada xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha ijobiy saldo 8 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 7 milliard dollarni tashkil etgan edi.
Xalqaro pul o‘tkazmalari oqimining o‘sishi ichki valyuta bozori barqarorligini taʼminlagan asosiy omillardan biri bo‘ldi.
Eksport tushumlarining ko‘payishi va aholi tomonidan valyuta sotuvi hajmining o‘sishi bilan birga, bu omil valyuta taklifi o‘sish surʼatining talabdan yuqori bo‘lishini taʼminladi hamda milliy valyuta kursining barqaror saqlanishiga xizmat qildi. Iyun oyi oxiri holatiga ko‘ra, bir AQSH dollarining rasmiy kursi 12 009 so‘mni tashkil etib, yil boshidagi darajada saqlanib qoldi.