O‘zbekistonda regenerativ tibbiyot markazi tashkil etish loyihasi muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Belorussiya Respublikasidan tashrif buyurgan investorlar bilan uchrashdi.
Uchrashuv doirasida tomonlar O‘zbekistonda regenerativ tibbiyot markazini tashkil etishga qaratilgan innovatsion loyihani muhokama qildilar. Ushbu tashabbus sog‘liqni saqlash sohasida yuqori texnologik xizmatlarni rivojlantirish, jumladan, hujayra terapiyasi, to‘qima muhandisligi, biotexnologiya va qayta tiklanuvchi tibbiyot xizmatlarini joriy etishni ko‘zda tutadi.
Belorussiyalik investorlar loyiha doirasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, zamonaviy laboratoriya va klinik bazalarni shakllantirish, shuningdek, xalqaro standartlarga javob beradigan mutaxassislik markazini yaratish niyatida ekanliklarini maʼlum qildilar.
Agentlik direktori mazkur tashabbusning mamlakat sog‘liqni saqlash tizimiga qo‘shadigan hissasi yuqori ekanini taʼkidladi. Shuningdek, O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tegishli hukumat organlari bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar rejalashtirilayotgan loyihaning amaliy jihatlarini chuqur o‘rganish, texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash va qo‘shma ishchi guruh tuzish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Loyiha amalga oshirilgandan so‘ng, u nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyo miqyosida ham o‘z yo‘nalishida yetakchi markazga aylanishi kutilmoqda.