Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda bank kartalari bloklangani sabablari haqida maʼlumot olish imkonini beruvchi InfoCards axborot tizimi joriy etildi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy banki xabar berdi.
Tizim Markaziy bank, tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va to‘lov tizimlari operatorlari tomonidan joriy etildi. U orqali kartani qaysi huquqni muhofaza qiluvchi organ bloklagani, bu qachon sodir bo‘lgani va qanday sababga ko‘ra bloklanganini tezkor aniqlash mumkin.
Endi fuqarolar bunday maʼlumotni olish uchun alohida Markaziy bankka murojaat qilishi shart emas. Buning uchun xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga murojaat qilish kifoya. Bank InfoCards tizimidan foydalangan holda zarur maʼlumotlarni oladi va mijozga karta qaysi organ tomonidan va qanday sababga ko‘ra bloklanganini tushuntirib beradi.
Markaziy bankda taʼkidlanganidek, tizim fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishni soddalashtirish, ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillarni qisqartirish, shuningdek, bank xizmatlaridan foydalanish jarayonida tezkorlik va shaffoflikni oshirishga qaratilgan.