Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 16 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin bilan uchrashdi.
Tomonlar ijtimoiy himoya sohasidagi islohotlar va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Uchrashuvda Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan tashabbuslar, jumladan, Ijtimoiy himoyaning yagona reyestrini takomillashtirish, «Ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risida» va «Ijtimoiy ish to‘g‘risida»gi qonunlarni qabul qilish, shuningdek, INSON loyihasini amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Loyiha doirasida tomonlar ijtimoiy xizmatlar markazlarini jihozlash, inklyuziv maktablar hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun uy-joylar qurish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan «Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli rivojlanish sari» Jahon sammitiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, JSDF loyihasini amalga oshirish, adaptiv ijtimoiy himoya sohasidagi qo‘shma tashabbuslar hamda 2027 yil mart oyida O‘zbekistonda South-South IX forumini o‘tkazishga tayyorgarlik masalalarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ijtimoiy himoya sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish maqsadida tegishli loyiha doirasida tashkil etilgan obyektlarga birgalikda tashrif buyurish bo‘yicha kelishuvga erishildi.