Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo bo‘lish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. Muzokara jarayonining joriy holati va mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar O‘zbekiston Prezidentining JST masalalari bo‘yicha vakili, Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek Urunov hamda JST bosh direktorining o‘rinbosari Jan-Mari Pugam o‘rtasida muhokama qilindi.
Tomonlar muzokaralarning asosiy yo‘nalishlari va O‘zbekistonning tashkilotga aʼzo bo‘lish jarayoni doirasidagi majburiyatlarini kelishish bo‘yicha keyingi qadamlarni ko‘rib chiqdilar.
JST Ishchi guruhining 13-yig‘ilishidan so‘ng O‘zbekistonga 150 dan ortiq yozma savol kelib tushgan. Bugungi kunga qadar Ishchi guruhi hisoboti loyihasining majburiyatlar bo‘limidagi to‘qqiz band bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, JSTning 33 aʼzosi bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlangan.
Qishloq xo‘jaligini ichki qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston tomoni rivojlanayotgan mamlakatlar uchun nazarda tutilgan de minimis darajasini qo‘llash bo‘yicha o‘z pozitsiyasini taqdim etdi.
Uchrashuv ishtirokchilari davlat korxonalari, narx siyosati, subsidiyalar, investitsiya choralari va mutlaq huquqlar bo‘yicha majburiyatlar matnini tayyorlash masalalarini ham muhokama qildilar.
Qonunchilik islohotlari doirasida O‘zbekiston joriy yil may oyida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etilgani haqida maʼlumot taqdim etdi. Tomonlar, shuningdek, milliy talablarni Xalqaro oziq-ovqat standartlari komissiyasi (Codex Alimentarius), Jahon hayvonlar salomatligi tashkiloti (WOAH) va O‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha xalqaro konvensiya (IPPC) xalqaro standartlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rib chiqdilar.
Muzokaralarni davom ettirish O‘zbekistonning JSTga aʼzo bo‘lishi doirasida qolgan masalalarni kelishish va zarur tartib-taomillarni yakunlashga qaratilgan.