O‘zbekiston

O‘zbekiston dorixonalarida dorilar belgilangan narxdan 5–6 baravar qimmatga sotilgan

O‘zbekiston dorixonalarida dorilar belgilangan narxdan 5–6 baravar qimmatga sotilgan
O‘zbekiston dorixonalarida dorilar belgilangan narxdan 5–6 baravar qimmatga sotilgan / Foto: Surat sun'iy intellekti tomonidan yaratilgan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasi ayrim dori vositalari belgilangan narxdan ancha yuqori, ayrim hollarda qariyb olti baravar qimmatga sotilgan holatlarni aniqladi. Qoidabuzarliklar «yashirin xaridor» tadbirlari davomida aniqlangan.

“SHUNQORLAR” MCHJ dorixonasida «POLIMIK® blisteri №10 (1x10)» dori vositasi ruxsat etilgan chakana narxi 12 837,18 so‘m bo‘lishiga qaramay, 70 000 so‘mdan sotilgan. Bu belgilangan narxdan 5,5 baravar yuqori. «KONVULEKS® Kapli dlya priyema vnutr 300 mg/ml» preparatining ruxsat etilgan narxi 66 481 so‘m bo‘lgani holda, 395 000 so‘mdan taklif qilingan. Bu esa belgilangan narxdan qariyb olti baravar yuqori.

Qoraqamish-2/5 massividagi «MUNO FARM» MCHJ dorixonasida «STIMULOTON Tabletki pokritiye obolochkoy 50 mg blisteri №30 (3x10)» preparati ruxsat etilgan narxi 50 666,17 so‘m bo‘lishiga qaramay, 295 000 so‘mdan sotilgan. Bu belgilangan narxdan qariyb olti baravar qimmat.

«CITY FARM» MCHJ dorixonalarida «BAKTAMED 3,5 ml ampuli» preparatining ruxsat etilgan narxi 18 849,43 so‘m bo‘lgan, biroq u 63 000 so‘mdan sotilgan. Yaʼni narx 3,3 baravar oshirilgan. Bundan tashqari, «NO-SHPA® 40 mg/2 ml ampuli №25» preparatini sotishda ham belgilangan narxdan oshish holati aniqlangan.

«HOSIL FARM» MCHJ dorixonasida «Lantus® SOLOSTAR® 100 YED/ml 3 ml №5 (1x5)» preparati ruxsat etilgan 20 foizlik ustama qo‘shilgan holdagi 115 173,3 so‘mlik narx o‘rniga 190 000 so‘mdan sotilgan. Amaldagi ustama 80 foizni tashkil etgan. Yana bir preparat — «SLIDERON Tabletki 16 blisteri №20 (2x10)» — ruxsat etilgan narxi 115 677,1 so‘m bo‘lishiga qaramay, 349 000 so‘mdan sotilgan. Bu belgilangan narxdan uch baravar yuqori.

«AMIR FARM TRADE» MCHJ dorixonasida «BAKTAMED 0,5% 3,5 ml ampuli» preparati 18 849,43 so‘mlik ruxsat etilgan narx o‘rniga 32 000 so‘mdan sotilgan. Qo‘mita maʼlumotlariga ko‘ra, ustama miqdori ruxsat etilgan 20 foiz o‘rniga 100 foizni tashkil etgan.

«FERUZA NUR MED» MCHJ dorixonasida «POLIMIK® blisteri №10 (1x10)» preparatining ruxsat etilgan narxi 12 837,18 so‘m bo‘lgani holda, 62 000 so‘mdan sotilgan. Bu belgilangan narxdan qariyb besh baravar yuqori.

«NO-SHPA® 40 mg/2 ml ampuli №25» preparati bo‘yicha belgilangan narxdan oshish holati «LEADER PHARMGROUP» XK, «PHARM S GOLDEN» MCHJ va «RUSLAN BUYUK FARM» MCHJ dorixonalarida ham aniqlangan.

Aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha belgilangan tartibda ko‘rsatmalar berildi. Bundan tashqari, litsenziya talablariga rioya etilganligini ko‘rib chiqish masalasi yuzasidan vakolatli organga so‘rovlar yuborildi.

Raqobat qo‘mitasi farmatsevtika sohasida dori vositalari uchun belgilangan narxlarga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida «yashirin xaridor» tadbirlarini o‘tkazishni davom ettirishini maʼlum qildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.