O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

O‘zbekiston 2029 yilgacha fiskal siyosatning asosiy maqsadlarini belgiladi

UzDaily tahririyati · 21.07.2026 · 12:10 · 56 views
O‘zbekiston 2029 yilgacha fiskal siyosatning asosiy maqsadlarini belgiladi

O‘zbekiston 2029 yilgacha fiskal siyosatning asosiy maqsadlarini belgiladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston 2027–2029 yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyaga muvofiq soliq-byudjet siyosatining o‘rta muddatli asosiy yo‘nalishlarini belgiladi.

Hujjatda iqtisodiy o‘sish surʼatlarini yiliga taxminan 7 foiz darajasida saqlab turish, 2027 yildan boshlab inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkich doirasida barqarorlashtirish, byudjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotning 3 foizidan oshirmaslik hamda davlat qarzini yalpi ichki mahsulotning 40 foizidan yuqori bo‘lmagan darajada ushlab turish nazarda tutilgan.

Milliy prognozlarga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot o‘sishi 2026 yilda 8,1 foizni, 2027 yilda 6,9 foizni, 2028 yilda 7,1 foizni va 2029 yilda 7,4 foizni tashkil etadi. Asosiy o‘sish omillari sifatida 6,7–7,9 foizga o‘sishi kutilgan sanoat hamda yillik 14,3–15 foiz surʼatlarda rivojlanishi prognoz qilinayotgan bozor xizmatlari qayd etilgan. Qishloq xo‘jaligida esa taxminan 5 foizlik o‘sish kutilmoqda.

Strategiya “O‘zbekiston–2030” strategiyasiga muvofiq 2030 yilga borib mamlakat iqtisodiyoti hajmini 240 mlrd dollardan ortiq darajaga yetkazish maqsadi bilan uyg‘unlashtirilgan.

Buning uchun barqaror iqtisodiy o‘sish manbalarini shakllantirish, xususiy investitsiyalar va eksportni kengaytirish, shuningdek, mamlakatning suveren kredit reytingini investitsiya darajasigacha oshirish hamda O‘zbekistonni o‘rtacha daromaddan yuqori daromadli davlatlar guruhiga kiritish ko‘zda tutilgan.

Hujjatda Xalqaro valyuta jamg‘armasining aprel oyidagi prognoziga ham tayanilgan. Unga ko‘ra, jahon iqtisodiyoti o‘sishi 2025 yildagi 3,4 foizdan 2026 yilda 3,1 foizgacha sekinlashadi, global inflyatsiya esa 4,1 foizdan 4,4 foizgacha oshadi. Shu bilan birga, tashqi noaniqliklarga qaramay, mamlakat ichidagi yuqori iqtisodiy faollik o‘sishning yuqori surʼatlarini saqlab qolish uchun asos sifatida baholanmoqda.

Siyosatning asosiy yo‘nalishlari sifatida soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va samarasiz imtiyozlarni bekor qilish hisobiga byudjet daromadlari bazasini kengaytirish, byudjet xarajatlaridan manzilli foydalanish hamda fiskal qoidalarga qatʼiy rioya qilish belgilangan.

Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar va nafaqalar inflyatsiya darajasidan kam bo‘lmagan surʼatlarda oshirib boriladi.