Oʻzbekiston Senati madaniy merosni himoya qilish tizimini yangiladi

Oʻzbekiston Senati madaniy merosni himoya qilish tizimini yangiladi

Oʻzbekiston Senati madaniy merosni himoya qilish tizimini yangiladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi tizimi bosqichma-bosqich takomillashtirilib, vakolatli organlarning funksiyalari qayta ko‘rib chiqildi.

Qonun ana shu islohotlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, sohada vakolatlarni aniq belgilash hamda qonun hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirishga qaratilgan.

Qonunga muvofiq madaniy meros sohasida davlat boshqaruvi organlarining vakolatlari aniq ajratilib, moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha vakolatlar Madaniy meros agentligiga, nomoddiy madaniy meros obyektlari bilan bog‘liq vakolatlar esa Madaniyat vazirligiga tegishli ekanligi nazarda tutilmoqda.

Xususan, Madaniy meros agentligiga moddiy madaniy meros obyektlarini hisobga olish, davlat kadastrini yuritish, tarixiy-madaniy ekspertiza o‘tkazish, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida davlat nazoratini amalga oshirish vazifalari yuklatilmoqda.

Qonun bilan madaniy boyliklarning muomalasi, jumladan ularni kimoshdi savdolari orqali realizatsiya qilish tartibi takomillashtirilib, ushbu jarayonlarni vakolatli organ bilan kelishgan holda amalga oshirish mexanizmi joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, arxeologiya yodgorliklarini tadqiq etishni faqat tegishli ruxsatnoma asosida amalga oshirish, madaniy meros obyektlarining holatini muntazam nazorat qilish hamda ularni har besh yilda ko‘rikdan o‘tkazish tartibi belgilamoqda.

Senatorlarning taʼkidlashicha, Qonun madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanish sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirishga, vakolatlar taqsimotida aniqlikni taʼminlashga hamda sohada yagona va samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling