O‘zbekiston

Britaniya Kengashi Study UK Alumni Awards uchun arizalar qabul qilmoqda

Britaniya Kengashi Study UK Alumni Awards uchun arizalar qabul qilmoqda
Britaniya Kengashi Study UK Alumni Awards uchun arizalar qabul qilmoqda / Foto: O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Britaniya Kengashi Study UK Alumni Awards 2027 mukofoti uchun arizalar qabul qilishni boshladi. Mazkur mukofot Britaniya oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan, olgan bilimlarini o‘z kasbiy faoliyatida, mahalliy hamjamiyatlar va umuman jamiyat rivojiga yo‘naltirayotgan bitiruvchilar uchun mo‘ljallangan.

Arizalar 2026 yil 1 sentyabrdan 15 oktyabrga qadar qabul qilinadi. 29 sentyabr kuni esa O‘zbekistonda dasturning yangi sikli Toshkentdagi Broccoli Park restoranida o‘tkazilgan media-branchda jurnalistlarga taqdim etildi. Bu haqda Britaniya Kengashi xabar berdi.

Mukofot bu yil o‘n uchinchi marta o‘tkazilmoqda. 2027 yilda mukofotlar to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha topshiriladi: «Biznes va innovatsiyalar», «Madaniyat, ijod va sport», «Fan va barqaror rivojlanish» hamda «Ijtimoiy tashabbuslar». Talablarga javob beradigan nomzodlar ishtirokchi mamlakatlardagi milliy mukofot uchun ham, global mukofot uchun ham bir vaqtning o‘zida ko‘rib chiqiladi.

2011–2026 yillar oralig‘ida bakalavriat yoki undan yuqori darajada taʼlim olgan, hozirda Buyuk Britaniyadan tashqarida yashab, ishlayotgan bitiruvchilar ariza topshirishlari mumkin.

Mukofotda nafaqat Buyuk Britaniyaning o‘zida tahsil olganlar, balki o‘z mamlakatida tan olingan taʼlim muassasasi orqali transmilliy yoki masofaviy taʼlim dasturi asosida to‘liq Britaniya malakasiga ega bo‘lganlar ham ishtirok etishi mumkin.

Tanlovning asosiy mezonlaridan biri bitiruvchining o‘z kasbiy sohasi, hamjamiyati yoki jamiyatga qo‘shgan hissasi, shuningdek, bu jarayonda Britaniya taʼlimining tutgan o‘rni bo‘ladi.

O‘zbekistondagi milliy mukofot finalchilari 2027 yil fevral–mart oylarida eʼlon qilinadi. Shundan so‘ng mamlakatda taqdirlash marosimlari o‘tkaziladi. Global mukofot finalchilari iyul–avgust oylarida, g‘oliblar esa 2027 yil avgust oyida maʼlum qilinadi.

Global g‘oliblar Buyuk Britaniyaga taklif etiladi. Ular o‘z universitetlariga tashrif buyurish, GREAT dasturining amaldagi stipendiya sohiblari va boshqa mukofot sovrindorlari bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mukofotning joriy sikli O‘zbekistonda Britaniya Kengashi faoliyatining 30 yilligiga to‘g‘ri kelmoqda. Tashkilotning mamlakatdagi faoliyatiga asos solgan kelishuv 1996 yil oktyabr oyida imzolangan.

«O‘zbekistonda Britaniya Kengashining 30 yilligini nishonlar ekanmiz, Study UK Alumni Awards dasturida o‘z kasbiy sohalari, hamjamiyatlari va mamlakatlarining rivojlanishini shakllantirayotgan bitiruvchilarni eʼtirof etish uchun noyob imkoniyatni ko‘ramiz. Ushbu mukofotlar Britaniya taʼlimining uzoq muddatli qiymati va uch o‘n yillik hamkorlik davomida rivojlangan shaxslararo aloqalarning kuchini taʼkidlaydi. Jadal o‘zgarishlar davrida xalqaro hamkorlikka yo‘naltirilgan yetakchilar va novatorlarning hissasi har qachongidan ham muhim», — dedi O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi direktori Maykl Xolgeyt.

Tashkilot maʼlumotlariga ko‘ra, 2024–2025 o‘quv yilida Buyuk Britaniyada O‘zbekistondan 1 295 nafar talaba tahsil olgan. Yana 10 740 kishi mamlakatning o‘zida Britaniyaning transmilliy taʼlim dasturlari (TNE) bo‘yicha o‘qigan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston Osiyoda o‘ninchi o‘rinni egallagan. Hozir respublikada o‘ndan ortiq Britaniya taʼlim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Bitiruvchilar hamjamiyati tarkibida qariyb 300 nafar Chevening stipendiyasi sohiblari, Hornby Scholarship dasturining 11 nafar bitiruvchisi, Women in STEM Scholarship dasturining olti nafar bitiruvchisi hamda TNE dasturlarining minglab bitiruvchilari bor.

Media-branchda Study UK Alumni Awards 2025 milliy g‘oliblari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Westminster International University in Tashkent bitiruvchisi, «Biznes va innovatsiyalar» yo‘nalishi g‘olibi Shahboz Ibodullayev kapital bozorlari va biznesni rivojlantirish sohalariga ixtisoslashgan. U avval Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasida savdo masalalari bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan va hozir Olamvisa viza platformasini rivojlantirishda ishtirok etmoqda.

University of Bristol bitiruvchisi Orzugul G‘oyibova ijtimoiy yo‘nalishda g‘olib bo‘lgan. U O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligida «Top100 Uni» loyihasiga rahbarlik qiladi, ayollar uchun “Porla” tashabbusiga asos solgan va TopCoach mentorlik platformasini ishlab chiqqan.

Uchinchi milliy g‘olib University of Edinburgh bitiruvchisi, audiokitoblar va elektron kitoblar platformasi Mutolaa bosh direktori Sirojiddin Olimov bo‘ldi. Ushbu platformadan 1 milliondan ortiq kishi foydalanadi.

«Study UK Alumni Awards uchun ariza topshirayotganimda, haqiqatan ham g‘olib bo‘lish-bo‘lmasligimni bilmasdim. Mukofotni qo‘lga kiritish unutilmas lahza bo‘ldi, ammo qo‘llab-quvvatlash taqdirlash marosimi bilan yakunlanmadi.

Dastur bitiruvchilarning butun umr davomida taʼlim olish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda, taʼlim va shaxsiy rivojlanishga sarmoya kiritmoqda. Ushbu qo‘llab-quvvatlash tufayli men yana bir qisqa muddatli kursda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldim, kurs xarajatlari to‘liq moliyalashtirildi. Eʼtirof, taʼlim olish imkoniyati va ushbu mukofot beradigan hamjamiyat uchun chuqur minnatdorman», — dedi u.

Uchrashuvda, shuningdek, British Council Women in STEM dasturi stipendiyachilari Robiyahon Nabiҷonova va Albina Xoliyeva ham so‘zga chiqdi. Robiyahon Nabiҷonova Cranfield University‘da Advanced Mechanical Engineering yo‘nalishi bo‘yicha magistraturani tamomlagan. Albina Xoliyeva esa University of Glasgow‘ning Sustainable Tourism and Global Challenges dasturi bo‘yicha magistr darajasiga ega.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi taʼlim, ingliz tilini o‘qitish, sanʼat va kreativ industriyalar sohalarida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, tashkilot oliy taʼlim muassasalariga xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va xorijiy tashkilotlar bilan sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashmoqda.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.