Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 7 oktyabr kuni Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Yig‘ilishning tor va kengaytirilgan formatlarida tashqi siyosat idoralari rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar, shuningdek, MDH doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
Ishtirokchilar MDH Davlat rahbarlari kengashining bo‘lajak yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Uchrashuvlar davomida hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan taklif va tashabbuslar ham ilgari surildi.
Ustuvor yo‘nalishlar sifatida samarali transport-logistika zanjirlarini shakllantirish, gumanitar va yoshlar almashinuvlarini faollashtirish hamda raqamli hamkorlikni rivojlantirish qayd etildi.
Bundan tashqari, yig‘ilish ishtirokchilari zamonaviy chaqiriqlar va xavfsizlikka tahdidlarga birgalikda qarshi kurashish masalalarini muhokama qildilar.