Aydarko'l ko'lida Jizzakh Open Air 2026 xalqaro turizm festivali bo'lib o'tdi
Aydarko'l ko'lida Jizzakh Open Air 2026 xalqaro turizm festivali bo'lib o'tdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 27-28-iyun kunlari Jizzax viloyatining betakror tabiat maskanlaridan biri — Aydarko‘l sohilida “Jizzakh Open Air – 2026” xalqaro turizm festivali o‘tkazildi.
Mazkur nufuzli tadbir Jizzax viloyati hokimligi, Turizm qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, shuningdek, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamkorligida tashkil etildi.
“Jizzakh Open Air – 2026” xalqaro turizm festivalining asosiy maqsadi — Jizzax viloyatini respublika va xalqaro miqyosda zamonaviy turizm markazi sifatida shakllantirish, hududning boy tabiiy resurslari, milliy gastronomiyasi hamda plyaj turizmi imkoniyatlarini keng targ‘ib qilishdan iborat. Shu bilan birga, festival hududiy iqtisodiy faollikni oshirish, turizm va sport sohalarini uyg‘unlashtirgan holda rivojlantirishga xizmat qiluvchi kompleks loyiha sifatida amalga oshirildi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning barcha hududlariga xos madaniy meros va gastronomik an’analarni namoyon etuvchi ko‘rgazma pavilonlari tashkil etildi. Mehmonlar har bir hududning o‘ziga xos milliy taomlari, hunarmandchilik mahsulotlari va madaniy dasturlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Festival dasturidan o‘rin olgan muhim yo‘nalishlardan biri — “Plyaj voleyboli” bo‘yicha Osiyo chempionatini xalqaro standartlar asosida o‘tkazildi. Ushbu musobaqada turli davlatlardan kelgan sport delegatsiyalari ishtirok etdi. Shuningdek, havaskorlar o‘rtasida mini-futbol, plyaj tennisi, suv sport turlari kabi musobaqalar tashkil etildi.
Madaniy-ko‘ngilochar dasturlar ham festivalning ajralmas qismi bo‘ldi. Kechki paytlarda estrada va folklor jamoalari ishtirokida konsert dasturlari, yoshlar uchun DJ-set va shou chiqishlar tashkil etildi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida mahalliy va xorijiy turoperatorlar, ommaviy axborot vositalari va blogerlar uchun maxsus info-turlar tashkil qilinib, festivalning xalqaro miqyosda keng targ‘ib etilishi ta’minlandi.
Festival ishtirokchilari uchun qator qiziqarli faoliyat turlari ham yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, ko‘l bo‘yida havo sharlarida parvoz qilish, kvadratsikllarda sayr, ot va tuyalarda sayohat, shuningdek, paraplan, baydarka kabi suv attraksionlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Tadbir yorqin mushakbozlik bilan yakunlandi. Minglab ishtirokchilar yorqin shou, musiqiy chiqishlar va bayramona muhitdan zavq olib, yozning eng esda qolarli lahzalariga guvoh bo‘lishdi.
“Jizzakh Open Air – 2026” xalqaro turizm festivali nafaqat madaniy va sport tadbiri, balki O‘zbekistonning turizm salohiyatini namoyon etuvchi yirik xalqaro platforma sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu festival orqali Jizzax viloyatining investitsion jozibadorligi oshirilib, yangi ish o‘rinlari yaratilishi, xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanishi hamda hududning xalqaro imiji mustahkamlanishi kutilmoqda.