Anvar Anvarov uzunlikka sakrash bo‘yicha milliy rekordni yangiladi
Anvar Anvarov uzunlikka sakrash bo‘yicha milliy rekordni yangiladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston yengil atletika milliy terma jamoasi aʼzosi Anvar Anvarov Xorvatiyada o‘tkazilgan yirik xalqaro musobaqada tarixiy muvaffaqiyatga erishdi.
Zagreb shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli turnirda hamyurtimiz erkaklar o‘rtasida uzunlikka sakrash bahslarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. O‘zining eng yaxshi urinishida o‘zbekistonlik yengil atlet 8,29 metr natija qayd etib, yakuniy hisobda ishonchli g‘alabaga erishdi.
Xorvatiyada qayd etilgan ushbu natija ochiq stadionlardagi uzunlikka sakrash bo‘yicha O‘zbekistonning yangi milliy rekordi sifatida rasman ro‘yxatga olindi. Eʼtiborlisi, Anvar Anvarov o‘zining avvalgi eng yuqori natijasini yangiladi. Mamlakatning oldingi rekordi ham unga tegishli bo‘lib, u 2025 yilda Finlyandiyada o‘tkazilgan xalqaro musobaqada 8,25 metr natija bilan o‘rnatilgan edi.
Zagrebdagi final bahslari dunyoning yetakchi uzunlikka sakrovchilari ishtirokida yuqori raqobat muhitida o‘tdi. Serbiya vakili Luka Boshkovich 8,23 metr natija bilan g‘olibdan olti santimetr orqada qolib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. Kuchli uchlikka Yamaykaning mashhur yengil atletikachisi Tadjey Geyl ham kirdi. U o‘zining eng yaxshi urinishida 8,18 metr natija qayd etib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.