Xorijiy turoperatorlar uchun Islom sivilizatsiyasi markaziga info-tur tashkil etildi
Xorijiy turoperatorlar uchun Islom sivilizatsiyasi markaziga info-tur tashkil etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 17-24-aprel kunlari Toshkent shahar, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasining turistik manzillari va diqqatga sazovor joylari bo‘ylab chet el turistik kompaniya vakillari uchun info-tur tashkil qilinmoqda.
Mazkur info-turda Yevropa va Osiyoning 20 davlatlaridan, jumladan, Fransiya, Italiya, Norvegiya, Shveysariya, Belgiya, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Pokiston hamda Xitoydan tashrif buyurgan nufuzli xorijiy turistik kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda. Ushbu tashrif mamlakatimizning turizm salohiyatini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Dastur doirasida mehmonlar 18-aprel kuni Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, yurtimizning ko‘p asrlik boy tarixiy-madaniy merosi, buyuk allomalarimizning ilmiy-ma’naviy merosi hamda noyob qo‘lyozmalar, eksponatlar va zamonaviy ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdilar. Tashrif davomida mehmonlar tomonidan markazning innovatsion yondashuvlari, interaktiv taqdimotlari va ilmiy-ma’rifiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratib, yurtimizda madaniy merosni asrab-avaylash va uni xalqaro miqyosda targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadilar.
Shuningdek, info-tur davomida ishtirokchilar Toshkent shahrining asosiy diqqatga sazovor maskanlariga tashrif buyurib, zamonaviy infratuzilma, tarixiy obidalar va milliy madaniyat namunalari bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur info-tur xorijiy turkompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, yangi turistik yo‘nalishlarni rivojlantirish hamda O‘zbekistonning, xususan, Qoraqalpog‘istonning turizm imkoniyatlarini xalqaro bozorda faol targ‘ib etishga xizmat qiladi.