Turizm

Xivada xalqaro turistik shaharcha tashkil etiladi

Xivada xalqaro turistik shaharcha tashkil etiladi
Xivada xalqaro turistik shaharcha tashkil etiladi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xivada xalqaro turistik shaharcha, kongress-markaz va tarixiy-etnografik park tashkil etish, qadimiy Ichan-Qalʼani esa raqamli texnologiyalar asosida “aqlli” muzey majmuasiga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 sentyabr kuni nishonlanadigan Butunjahon turizm kuni munosabati bilan turizm sohasi xodimlariga yo‘llagan tabrigida maʼlum qildi.

Davlat rahbari taʼkidlashicha, Xivada barpo etiladigan yangi obyektlarda tarix va zamonaviylik o‘zaro uyg‘unlashishi lozim.

Mazkur loyihalar O‘zbekistonni zamonaviy sayohat infratuzilmasi yana-da rivojlangan, dunyodagi eng mashhur sayyohlik markazlaridan biriga aylantirishga qaratilgan ishlar doirasida amalga oshiriladi.

Xiva yangi turistik obyektlar tashkil etilishi rejalashtirilgan hududlar ro‘yxatida birinchi o‘rinda turadi.

Bundan tashqari, Samarqandda Ipak yo‘li muzeyi barpo etiladi, Qoraqalpog‘istonda arxeologik yodgorliklarga yangi yo‘nalishlar ochiladi, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida “G‘ilon” majmuasi, Namangan viloyatining Pop tumanida esa “Arashan” majmuasi tashkil etiladi.

Ichan-Qalʼani raqamli texnologiyalarga o‘tkazish Prezident tomonidan umuman soha uchun belgilab berilgan ustuvor vazifalarga mos keladi.

Ular qatoriga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yagona milliy turistik platformani ishga tushirish, turistik xizmatlarni yagona tizimga integratsiya qilish, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish hamda kadrlar malakasini muntazam oshirish vazifalari kiritilgan.

Qo‘shimcha qiymat yaratish darajasi yuqori bo‘lgan turizm yo‘nalishlarini jadal rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Ular qatorida gastronomik, ekologik, ziyorat, tibbiy, tog‘ va sarguzasht, ishbilarmonlik, etno va qishloq turizmi yo‘nalishlari qayd etilgan.

Yangi loyihalar 2030 yilga qadar belgilangan maqsadlar bilan bog‘liq. Ushbu muddatga qadar O‘zbekiston xorijiy turistlar sonini yiliga 20 million nafarga, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga, turistik xizmatlar eksportini 8 milliard dollardan oshirishga, shuningdek, yuqori darajadagi mehmonxonalar sonini ikki baravar ko‘paytirishga niyat qilmoqda.

Tabrikda keltirilgan maʼlumotlarga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonga qariyb 12 million nafar xorijiy turist tashrif buyurgan. Bu 2016 yildagi ko‘rsatkichdan kamida olti baravar ko‘pdir. Turistik xizmatlar eksporti 11 baravar o‘sib, 4,8 milliard dollarni tashkil etgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.