Xivada birinchi xalqaro Mercure mehmonxonasi ish boshladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xorazm viloyatining Xiva shahrida Mercure mehmonxonasi ish boshladi. U mintaqadagi birinchi xalqaro mehmonxona brendi bo‘ldi. Mehmonxona qurilishiga 26 million dollar investitsiya kiritildi va 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Mehmonxona 145 ta xonaga mo‘ljallangan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 300 nafargacha mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega. Obyektni qurishda tarixiy Xiva muhitiga mos kelishi uchun milliy va zamonaviy uslublar uyg‘unligidan foydalanilgan.
Mehmonxonaning ishga tushirilishi Xorazm viloyatidagi mehmonxona infratuzilmasini kengaytiradi va sayyohlarni qabul qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Xalqaro brendning paydo bo‘lishi Xorazm vohasining turistik salohiyatini yana-da rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Xalqaro mehmonxona brendlarining mintaqaviy bozorga kirib kelishi xorijiy sayyohlarni, jumladan, yuqori xarid qobiliyatiga ega sayohatchilarni jalb qilishda ahamiyatga ega. Joylashish uchun mehmonxona tanlashda xorijlik mehmonlar ko‘pincha avvaldan ishonch bildirib kelayotgan mashhur mehmonxona tarmoqlariga eʼtibor qaratadi.
Mehmonxona infratuzilmasining rivojlanishi bir vaqtning o‘zida turizm sohasida xizmat ko‘rsatish sifati ahamiyatini ham oshiradi.
Xivada Mercure mehmonxonasining ochilishi mehmonlarni qabul qilish va mintaqaning turistik salohiyatini yana-da rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi.