O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

Senat “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi qonunni maʼqulladi

UzDaily tahririyati · 09.07.2026 · 18:00 · 23 views
Senat “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi qonunni maʼqulladi

Senat “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi qonunni maʼqulladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining 17-yalpi majlisida mamlakatimizda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, xalqaro kapitalni jalb qilish hamda zamonaviy moliya infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonun koʻrib chiqildi.

Muhokama jarayonida taʼkidlanganidek, mazkur Konstitutsiyaviy Qonun Senatning 16-yalpi majlisida muhokama qilinib, takomillashtirish boʻyicha takliflar bilan birga Qonunchilik palatasiga yuborilgan edi. Senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat kelishuv komissiyasi manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar vakillarini jalb qilgan holda Qonunni qayta ishlab chiqdi.

Konstitutsiyaviy Qonunda Toshkent xalqaro moliya markazining alohida hudud sifatidagi maqomi, faoliyatining asosiy prinsiplari belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Moliya markazi hududida xalqaro investorlar uchun moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan normalar ham Qonunga kiritilmoqda.

Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi moliyaviy xizmatlar va qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish boʻyicha faoliyatning litsenziyalanishi, tartibga solinishi, nazorat qilinishi va majburlov choralari qoʻllanilishi uchun masʼul etib belgilanmoqda. Toshkent xalqaro tijorat sudi esa oʻz yurisdiksiyasiga kiruvchi nizolarni sud tartibida hal etish va sud maʼmuriyatchiligi boʻyicha mutlaq vakolatlarga ega boʻladi.

Senat aʼzolari taʼkidlaganidek, mazkur Konstitutsiyaviy Qonun respublikada kapital bozorini rivojlantirish, investitsiya oqimini kengaytirish uchun muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Shuningdek, Moliya markazi ishtirokchilari uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, chet ellik mutaxassislarni mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma olmasdan ishga qabul qilish hamda Moliya markazining shaxsi hisoblangan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar kirish vizasini besh yilgacha boʻlgan muddatga olishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Senatorlar oʻz chiqishlarida taʼkidlaganlaridek, Toshkent xalqaro moliya markazi xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan yetakchi jahon moliya markazlarining eng yaxshi amaliyotlariga muvofiq huquqiy aniqlik, tartibga solishni oldindan koʻra bilish, sud mustaqilligi hamda investorlarni jalb etish va himoya qilishni taʼminlash maqsadida tashkil etiladi va boshqariladi, yetakchi moliya markazi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining oʻsishiga xizmat qiladi.

Muhokama soʻnggida senatorlar Qonunni maʼqulladi.