Rossiya delegatsiyasi O‘zbekistonning turistik salohiyatini o‘rgandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiya mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi delegatsiyasi O‘zbekistonning turistik salohiyatiga bag‘ishlangan tanishuv turi doirasida Toshkent, Samarqand va Toshkent viloyatida bo‘ldi. Rossiya tomoni vakillari turistik infratuzilma hamda kasaba uyushmalari aʼzolari va ularning oilalari uchun sayohatlarni tashkil etish imkoniyatlarini o‘rgandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Toshkentda delegatsiya poytaxtning turistik va madaniy obyektlariga, jumladan, Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, shuningdek, sayyohlar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma bilan tanishdi.
Samarqandda Rossiya vakillari shaharning asosiy diqqatga sazovor joylarini ko‘zdan kechirib, uning tarixiy-madaniy merosini o‘rgandilar. Madaniy-maʼrifiy va ziyorat turizmini rivojlantirish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Toshkent viloyatida delegatsiya turistik va rekreatsion obyektlar, jumladan, sanatoriylar hamda bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari bilan tanishdi. Tashrif ishtirokchilari ularning oilaviy, bolalar va sanatoriy-sog‘lomlashtirish dam olish turlarini tashkil etishdagi salohiyatini baholadilar.
Dasturning bir qismi Toshkent — Samarqand yo‘nalishi bo‘ylab “Afrosiyob” tezyurar poyezdida sayohatdan iborat bo‘ldi. Rossiya vakillari O‘zbekistonning ikki turistik markazi o‘rtasidagi temir yo‘l qatnovi imkoniyatlari bilan amalda tanishdilar.
Tanishuv turi yakuniga ko‘ra, delegatsiya mamlakatdagi Rossiya kasaba uyushmalari aʼzolari va ularning oilalari uchun tashkil etiladigan dam olish dasturlariga kiritilishi mumkin bo‘lgan turistik obyektlar va infratuzilma haqida tasavvurga ega bo‘ldi.
Tashrif O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va Rossiya Mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi o‘rtasida erishilgan kelishuvlarning davomi bo‘lib, o‘zaro turistik almashinuvni yana-da rivojlantirishga qaratilgan.