Oʻzbekiston va Xitoy turizm infratuzilmasi va xizmat koʻrsatish yoʻlaklarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Xitoy turizm infratuzilmasi va xizmat koʻrsatish yoʻlaklarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turizm qo‘mitasi raisi A. Aqqulovning Xitoyga amaliy tashrifi doirasida “Silk Road Fund” davlat investitsiya jamg‘armasi raisi o‘rinbosari Ley Xunchen bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi turizm hamda infratuzilma sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot avvalida tomonlar “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari, xususan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li, ACWA Power bilan hamkorlikdagi shamol elektr stansiyalari loyihalarining ahamiyatini alohida ta’kidladilar.
“Silk Road Fund” tomonidan Samarqand turizm markazini moliyalashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlov O‘zbekiston turizm infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqqanini qayd etdi. Bugungi kunda mazkur majmua Markaziy Osiyodagi eng yirik MICE maydonlaridan biriga aylanib, unda nufuzli xalqaro sammitlar, BMT Turizm tashkiloti va UNESCO Bosh assambleyalari, shuningdek, yirik biznes forumlar muvaffaqiyatli o‘tkazilayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekistonda turizm avtomobil yo‘laklarini rivojlantirish konsepsiyasi taqdim etildi. Xususan, Andijondan Qoraqalpog‘istongacha hamda Toshkentdan Termizgacha bo‘lgan yo‘nalishlarda zamonaviy servis markazlari barpo etish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama qilindi. Tomonlar Xitoyning yo‘lbo‘yi infratuzilmasi sohasidagi ilg‘or tajribasini O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar ikki davlat o‘rtasidagi madaniy va turistik aloqalarni yanada mustahkamlash, turistlar oqimini ko‘paytirish hamda O‘zbekistonda turizm sohasida xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar turizm sohasi insonlar, kapital, tovar va xizmatlar harakatini rag‘batlantiruvchi muhim drayver ekanini ta’kidlab, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.