Oʻzbekiston Turkiyada ziyorat turizmini targʻib qilishni kuchaytirmoqda

Oʻzbekiston Turkiyada ziyorat turizmini targʻib qilishni kuchaytirmoqda

Oʻzbekiston Turkiyada ziyorat turizmini targʻib qilishni kuchaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turkiyaning Istanbul shahrida “Umra plyus O‘zbekiston” loyihasining keng qamrovli taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, Turkiy davlatlar tashkiloti, O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulligi, Umra sayyohlik tashkilotlari assotsiatsiyasi hamda Türkiye Seyahat Acentaları Birliği (HUURSAD) hamkorligida tashkil etildi.

Taqdimotda Turkiyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish bilan shug‘ullanayotgan 50 dan ortiq yetakchi sayyohlik agentliklari vakillari, soha mutaxassislari hamda hamkor tashkilotlar ishtirok etdi. 

Tadbir davomida “Umra plyus O‘zbekiston” loyihasining mazmun-mohiyati, uning afzalliklari va ziyorat turizmini rivojlantirishdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, mazkur loyiha doirasida Umra ziyoratini amalga oshirayotgan fuqarolar uchun O‘zbekistonning muqaddas qadamjolari, tarixiy obidalari hamda zamonaviy turizm infratuzilmasi bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratilayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tomonidan mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, ziyorat turizmi yo‘nalishidagi salohiyati, shuningdek, so‘nggi yillarda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan keng qamrovli taqdimot o‘tkazildi.

Tadbir doirasida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yaqinda foydalanishga topshirilgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy majmuasiga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi. Mazkur obidalar yurtimizning boy ilmiy-ma’rifiy merosini o‘zida aks ettirishi, ziyoratchilar va sayyohlar uchun muhim manzilga aylanishi alohida e’tirof etildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro fikr almashildi, hamkorlikni yanada rivojlantirish, yangi turizm yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish hamda sayyohlar oqimini ko‘paytirishga qaratilgan istiqbolli takliflar muhokama qilindi hamda yil yakuniga kadar Turkiyadan O‘zbekistonga sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha Memorandum imzolandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling