Oʻzbekiston Senati migratsiya sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalasini muhokama qildi
Oʻzbekiston Senati migratsiya sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalasini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Xalqaro migratsiya tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Artur Yerken bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyani taʼminlash, odam savdosiga qarshi kurashish, mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda migratsiya sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Xalqaro migratsiya tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, maqsadli qo‘shma loyihalarni kengaytirish va preventiv mexanizmlarni takomillashtirish, migratsiya sohasida ilg‘or tajribalarni o‘rganish yuzasidan fikr almashildi.
Raqamli texnologiyalar sharoitida paydo bo‘layotgan odam savdosining yangi shakllari, onlayn ekspluatatsiya va virtual platformalar orqali sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekistonda inson qadri va huquqlarini taʼminlashga qaratilgan migratsiya siyosati izchil amalga oshirilayotganini taʼkidlandi. Jumladan, odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, tartibli mehnat migratsiyasini qo‘llab-quvvatlash, migrantlar huquqlarini taʼminlash, ularni kasb va tilga o‘qitish, shuningdek, xorijda xavfsiz mehnat faoliyatini taʼminlash hamda qaytgan migrantlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.