O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Turizm

Oʻzbekiston Malayziyada boʻlib oʻtgan koʻrgazmada oʻzining sayyohlik salohiyatini namoyish etdi

UzDaily · 20.06.2026 · 22:00 · 24 views
Oʻzbekiston Malayziyada boʻlib oʻtgan koʻrgazmada oʻzining sayyohlik salohiyatini namoyish etdi

Oʻzbekiston Malayziyada boʻlib oʻtgan koʻrgazmada oʻzining sayyohlik salohiyatini namoyish etdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilayotgangan “HUITM – Umrah Plus International Travel Market & Exhibition 2026” xalqaro workshop va ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekistonning turistik salohiyati hamda “Umra+ O'zbekiston” yo‘nalishi imkoniyatlari keng targ‘ib qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, O‘zbekiston Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi, O‘zbekistonning Malayziyadagi Elchixonasi hamda Malayziyaning qator turizm tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir ikki mamlakat turizm bozori vakillari o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun muhim platformaga aylandi. 

Tadbirda O‘zbekistondan asosan ziyorat turizmi yo‘nalishida faoliyat yurituvchi 10 ga yaqin turizm kompaniyalari va mehmonxona vakillari ishtirok etib, Malayziya hamda boshqa mamlakatlardan tashrif buyurgan 30 dan ortiq xalqaro turizm kompaniyalari bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazdilar. 

Muzokaralar davomida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, islom sivilizatsiyasi bilan bog‘liq muqaddas qadamjolari, zamonaviy turizm infratuzilmasi taqdim etildi. Xususan, Malayziya fuqarolari uchun Saudiya Arabistoniga umra safarini O‘zbekistondagi ziyorat va madaniy sayohatlar bilan uyg‘unlashtirgan turistik mahsulotlarning afzalliklari keng yoritildi.

Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha Malayziyadan O‘zbekistonga dastlabki bosqichda 2,000 nafardan ortiq sayyohni jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, tomonlar o‘rtasida qo‘shma turpaketlar ishlab chiqish, sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish va ziyorat turizmi yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur tadbir O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasidagi turizm bozoridagi mavqeini mustahkamlash, mamlakatimizning xalqaro turizm yo‘nalishi sifatidagi jozibadorligini oshirish hamda ziyorat turizmi eksportini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

UzDaily · 👁 24 views · 20.06.2026 · 22:00