Oʻzbekiston CAREC bilan Markaziy Osiyo uchun yagona turizm makonini muhokama qildi

Oʻzbekiston CAREC bilan Markaziy Osiyo uchun yagona turizm makonini muhokama qildi

Oʻzbekiston CAREC bilan Markaziy Osiyo uchun yagona turizm makonini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov joriy yilning 11 may kuni “CAREC” dasturining Markaziy Osiyoda grantlar ajratish, transchegaraviy turizm va mintaqaviy integratsiya masalalari bo‘yicha mas’ul rahbari Zulfiya Karimova bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Markaziy Osiyo turistik halqasi” tashabbusi muhokama qilindi.

Tomonlar uchinchi davlatlardan keluvchi sayyohlar uchun yagona viza tizimini joriy etish, qo‘shma turlarni tashkil qilish va chegaradan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

Muzokaralar davomida O‘zbekistondagi chegara nazorat-o‘tkazish punktlarida guruhli turistlar uchun alohida yo‘laklar tashkil etish, Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro ko‘rgazmalarda yagona pavilon bilan ishtirokini ta’minlash hamda AQSH, Avstraliya va Lotin Amerikasi davlatlari bilan turizm sohasidagi aloqalarni kuchaytirish maqsadida aviaqatnovlar sonini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, “CAREC” dasturi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “Silk Road” turizm portali orqali O‘zbekistonning turistik salohiyatini keng targ‘ib qilish imkoniyatlari qayd etildi. 

Uchrashuv yakunida tomonlar chegara infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan Farg‘ona va Toshkent viloyatidagi nazorat-o‘tkazish punktlarini kengaytirish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Shuningdek, Samarqanddagi “Ipak yo‘li” tematik ofisi bilan hamkorlikni kuchaytirish, kadrlar tayyorlash va raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni tashkil etish, hamda Ispaniyaning Madrid shahrida bo‘lib o‘tadigan “FITUR” xalqaro ko‘rgazmasida Markaziy Osiyo davlatlarining yagona turistik hudud sifatida ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling