O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Turizm

O‘zbekiston va Iroq Kurdiston mintaqasi turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

UzDaily tahririyati · 20.07.2026 · 16:15 · 71 views
O‘zbekiston va Iroq Kurdiston mintaqasi turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston va Iroq Kurdiston mintaqasi turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S. Bobokalonov Iroq Kurdiston mintaqasi Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi prezidenti Gaylan Said Aziz bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinib, hududlar o‘rtasidagi turistik almashinuv salohiyatidan yanada samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi. 

Tomonlar tarixiy-madaniy, oilaviy va ziyorat turizmi yo‘nalishlarida qo‘shma turistik mahsulotlarni ishlab chiqish maqsadida ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish muhimligini qayd etdilar.

Uchrashuvda investitsiyaviy hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Iroq ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda tog‘ kurortlari, mehmonxona majmualari va boshqa turizm infratuzilmasi obyektlarini barpo etishga qaratilgan investitsiya loyihalarida ishtirok etishga taklif etildi.

Shuningdek, Iroq vakillari hamkorlar topish va B2B muzokaralarini o‘tkazish uchun muhim xalqaro maydon hisoblangan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTY)da ishtirok etishga taklif qilindi.