Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasi ishchi missiya doirasida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHT) shaffoflik va soliq maqsadlarida axborot almashish bo‘yicha Global forumi Kotibiyati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar soliq maʼlumotlarini xalqaro almashishni yana-da rivojlantirish va tegishli mexanizmlarni joriy etish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda asosiy eʼtibor Kriptoaktivlar bo‘yicha hisobot berish tizimi (Crypto-Asset Reporting Framework, CARF) doirasida ahamiyatga ega yurisdiksiyalarni aniqlash jarayoni, shuningdek, CARF guruhi tomonidan O‘zbekistonning baholash natijalariga qaratildi.
Tomonlar ushbu yo‘nalishdagi keyingi qadamlarni, jumladan, qo‘shimcha maʼlumotlarni taqdim etish va Global forum Kotibiyati bilan hamkorlikni davom ettirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Soliq ishlari bo‘yicha o‘zaro maʼmuriy yordam to‘g‘risidagi konvensiya (MAC)ni amaliy qo‘llashni boshlash uchun zarur bo‘lgan tartib-taomillarni jadallashtirish masalasi ham alohida muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, moliyaviy hisobvaraqlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni avtomatik ravishda almashishni nazarda tutuvchi Hisobot berishning umumiy standartini (Common Reporting Standard, CRS) joriy etish bo‘yicha ishlarni boshlash istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Muzokaralar davomida tomonlar zarur tayyorgarlik choralari, keyingi harakatlar ketma-ketligi va soliq maʼlumotlarini xalqaro avtomatik almashish mexanizmlarini joriy etishning ehtimoliy muddatlarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston va Global forum Kotibiyati yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.