Turizm

O‘zbekiston va Air Arabia aviaqatnovlar sonini oshirishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston va Air Arabia aviaqatnovlar sonini oshirishni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston va Air Arabia aviaqatnovlar sonini oshirishni rejalashtirmoqda / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi va Air Arabia aviakompaniyasi aviaqatnovlarni kengaytirish, yangi yo‘nalishlarni ochish hamda mamlakatning turistik salohiyatini xorijiy bozorlarda birgalikda targ‘ib qilish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi xabar berdi.

Uchrashuvda tomonlar hamkorlikning joriy holati, Air Arabia aviakompaniyasining O‘zbekistondagi amaldagi yo‘nalishlar tarmog‘i va yangi yo‘nalishlarni ochish istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Aviakompaniyaning xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘idan foydalangan holda mamlakatga sayyohlarni jalb qilish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Hozirgi vaqtda Air Arabia Toshkent va Namangan shaharlariga reyslarni amalga oshirmoqda. Toshkentdan Sharja va Abu-Dabiga haftasiga 13 ta reys bajarilmoqda.

Tomonlar Samarqand, Buxoro, Xiva va O‘zbekistonning boshqa turistik markazlariga yangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishni muhokama qildi. Shuningdek, Toshkent — Sharja va Toshkent — Abu-Dabi yo‘nalishlaridagi parvozlar sonini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

Hamkorlikning alohida yo‘nalishlaridan biri Yevropa, Yaqin Sharq mamlakatlari, Osiyo va Shimoliy Afrikadan tranzit sayyohlarni jalb qilish bo‘lishi mumkin.

Turizm qo‘mitasi va Air Arabia aviakompaniyaning raqamli platformalari hamda maqsadli xorijiy bozorlarda O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini targ‘ib qilishga ham eʼtibor qaratishga kelishib oldi. Jumladan, maxsus turistik paketlarni ishlab chiqish va qo‘shma marketing kampaniyalarini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, blogerlar, inflyuyenserlar, turoperatorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun axborot turlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Air Arabia bunday safarlarni o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatishga, jumladan, ishtirok etadigan inflyuyenserlar va blogerlarning aviachipta xarajatlarini o‘z zimmasiga olishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar Yevropadan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimi ortib borayotganini ham qayd etib, mamlakatni Yevropa bozorlarida yana-da faol targ‘ib qilish zarurligini taʼkidladi. Hamkorlik doirasida havo kemalari bortida O‘zbekistonning turistik imkoniyatlari va yo‘nalishlari haqidagi axborot materiallarini joylashtirish, shuningdek, Yevropa va boshqa maqsadli bozorlardagi yo‘lovchilarni ushbu imkoniyatlar bilan tanishtirish rejalashtirilmoqda.

Air Arabia, shuningdek, «Umra plyus» loyihasini qo‘llab-quvvatlash va ushbu yo‘nalishni alohida turistik mahsulot sifatida rivojlantirishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Aviakompaniya vakillari so‘nggi 10 yil davomida O‘zbekistonning turizm sohasida yuz bergan o‘zgarishlarni qayd etdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda zamonaviy yuqori toifali mehmonxonalar soni ko‘paygan, joylashtirish vositalari tarmog‘i kengaygan va turistik obyektlar infratuzilmasi yaxshilangan.

Uchrashuv yakunida tomonlar aviaqatnovlarni kengaytirish va Air Arabia‘ning xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘idan yana-da faol foydalanish orqali sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan amaliy kelishuvlarga erishdi.

Bundan tashqari, Air Arabia vakillari noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan «Ipak yo‘lida turizm» mavzusidagi 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etishga taklif qilindi.

Kompaniyaga yarmarka doirasida o‘tkaziladigan Investitsiya forumi va MICE turizmi bo‘yicha konferensiyada ishtirok etish ham taklif qilindi.

 

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.