Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi huzuridagi «Yangi texnologiyalar» AJ mutaxassislari Germaniyada sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalarni soliq sohasida qo‘llash bo‘yicha ilg‘or tajribani o‘rganmoqda.
Mutaxassislar guruhi xizmat safari bilan Berlin shahrida bo‘lib turibdi.
Tashrifdan maqsad raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha xalqaro tajribani, dasturlashga zamonaviy yondashuvlarni va soliq maʼmuriyatchiligida sunʼiy intellektdan keyinchalik foydalanish imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat.
Safar davomida mutaxassislar dasturlash va raqamli texnologiyalar sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar tajribasi bilan tanishmoqda.
Asosiy eʼtibor zamonaviy dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, sunʼiy intellekt asosidagi yechimlardan foydalanish, axborot tizimlarining samaradorligi va sifatini oshirish, maʼlumotlar bilan ishlash hamda innovatsion texnologiyalarni soliq maʼmuriyatchiligiga joriy etish masalalariga qaratilmoqda.
Tajriba almashinuvi davomida olingan bilim va amaliy ko‘nikmalarni O‘zbekistonning milliy soliq tizimida qo‘llash rejalashtirilmoqda.
Xususan, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda soliq xizmatlari sifatini oshirish va soliq maʼmuriyatchiligini yana-da raqamlashtirish bo‘yicha amaliy yechimlarni ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.