O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiyadagi “Val Thorens” tog‘-chang‘i kurorti faoliyati bilan tanishdi

O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiyadagi “Val Thorens” tog‘-chang‘i kurorti faoliyati bilan tanishdi

O‘zbekiston delegatsiyasi Fransiyadagi “Val Thorens” tog‘-chang‘i kurorti faoliyati bilan tanishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Bobokalonov boshchiligidagi delegatsiya Fransiya Respublikasiga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida Alp tog‘larida joylashgan dunyodagi eng nufuzli tog‘-chang‘i kurortlaridan biri — “Val Thorens” faoliyati bilan tanishdi.

1971-yilda tashkil etilgan “Val Thorens” bugungi kunda jahon miqyosidagi yetakchi turizm destinatsiyalaridan biri hisoblanib, “Les 3 Vallées” yagona turistik tizimi tarkibiga kiradi. Ushbu hudud dunyodagi eng yirik tog‘-chang‘i infratuzilmalaridan biri bo‘lib, umumiy uzunligi 600 km dan ortiq trassalarni qamrab oladi. Shundan 140 km dan ortiq trassalar bevosita “Val Thorens” hududida joylashgan bo‘lib, turli darajadagi (boshlovchi, o‘rta va professional) sportchilar uchun moslashtirilgan.

Kurort bosh direktori Jerom Grellet ma’lumotiga ko‘ra, qishki mavsumda kunlik tashrif buyuruvchilar soni o‘rtacha 20–30 ming nafarga yetadi, yillik umumiy tashriflar esa 2 mln nafar atrofida. Mavsum noyabr oyi oxiridan boshlanib, may oyiga qadar davom etadi, bu esa uzoq va barqaror turistik faollikni ta’minlaydi.

Kurortning rivojlanish modeli davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi samarali hamkorlikka asoslangan bo‘lib, davlat tomonidan infratuzilma va rejalashtirish jarayonlari ta’minlanadi, xususiy sektor esa mehmonxona, xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishlarida faol ishtirok etadi.

Delegatsiya kurortning markazlashgan operatsion boshqaruv tizimi, turistik oqimlarni samarali taqsimlash mexanizmlari, xavfsizlik standartlari hamda kurort ekotizimini tashkil etuvchi infratuzilma obyektlari bilan tanishdi. Xususan, yashash, transport, dam olish va xizmat ko‘rsatish elementlarining o‘zaro integratsiyalashgan holda faoliyat yuritishi alohida e’tirof etildi.

Tashrif davomida olingan tajriba va ma’lumotlar mamlakatimizda turizm sohasini yanada rivojlantirish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishda xizmat qilishi kutilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling