O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Turizm

Oʻzbekiston va Rotana mehmonxona sektorini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi

UzDaily · 17.06.2026 · 16:55 · 34 views
Oʻzbekiston va Rotana mehmonxona sektorini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va Rotana mehmonxona sektorini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov hamda Rotana Hotel Management Corporation strategiya bo‘yicha direktori Amna Al-Novays o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston mehmonxona industriyasiga xalqaro tajriba va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda mamlakatning turistik jozibadorligini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, joriy yilning iyul oyida Rotana kompaniyasini O‘zbekistondagi bir qator mehmonxonalarni boshqarish jarayonlariga jalb etish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tashkil etishga kelishib olindi. Shuningdek, mehmonxona va mehmondo‘stlik sohasida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish rejalashtirildi. 

Tashrif doirasida Amna Al-Novays Samarqand va Toshkent shaharlarida bo‘lib, mamlakatning turizm va investitsiya salohiyati bilan yaqindan tanishdi. Rotana vakili Samarqandda Imom Al Buxoriy majmuasi hududida joylashgan yangi Imom Bukhari Grand mehmonxonasi, Silk Way mehmonxonasi va SAG mehmonxonasi hamda boshqa istiqbolli turistik loyihalar o‘rganildi. Mutasaddilar tomonidan infratuzilma, xizmat ko‘rsatish sifati va kelgusidagi rivojlanish imkoniyatlari baholandi. 

Toshkentda “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘i va Islom sivilizatsiyasi markazida amalga oshirilayotgan loyihalarga alohida qiziqish bildirildi. Poytaxtda bo‘lganida Amna Al-Navays kelgusida hamkorlik qilish uchun potentsial maydon sifatida ko‘rilayotgan mehmonxona obyektlarini ham ko‘zdan kechirdi. 

Rotana mutaxassislari tomonidan mehmonxona infratuzilmasini takomillashtirish, operatsion boshqaruv samaradorligini oshirish va xizmat ko‘rsatish standartlarini xalqaro talablar darajasiga olib chiqish bo‘yicha tavsiyalar berildi. 

Bugungi kunda Rotana Yaqin Sharqning eng nufuzli mehmonxona boshqaruv kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya Yaqin Sharq, Afrika, Sharqiy Yevropa va Turkiya mintaqalaridagi 17 mamlakatda 140 dan ortiq mehmonxona ob’ektlarini boshqarib kelmoqda.

Ushbu hamkorlik O‘zbekiston mehmonxona sohasiga xalqaro tajriba va investitsiyalarni jalb qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yuksaltirish hamda mamlakatning jahon turizm bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

UzDaily · 👁 34 views · 17.06.2026 · 16:55