Oʻzbekiston va BMT turizmi hamkorlikni mustahkamlaydi: mintaqaviy yoʻnalishlar va turizm xavfsizligiga eʼtibor qaratilmoqda
Oʻzbekiston va BMT turizmi hamkorlikni mustahkamlaydi: mintaqaviy yoʻnalishlar va turizm xavfsizligiga eʼtibor qaratilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulovning “BMT Turizm” tashkiloti ijrochi direktori Shichjun Lyu bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi doirasida tomonlar strategik sheriklikni chuqurlashtirish va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Uchrashuv davomida turizm sohasidagi amaldagi hamkorlikning yuqori darajasi qayd etildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston tashkilotning eng faol a’zo davlatlaridan biri sifatida e’tirof etildi. Mamlakat bosqichma-bosqich qo‘shma tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda, jumladan Samarqanddagi “Ipak yo‘lida turizm” tematik ofisi faoliyati hamda Xalqaro turizm akademiyasini rivojlantirish shular jumlasidandir. Joriy yil aprel oyida Bosh kotib Shayxa Nasser al Novaisning tashrifi hamkorlikning barqarorligi va izchil rivojlanayotganini yana bir bor tasdiqlagani alohida ta’kidlandi.
Muzokaralarning asosiy masalalaridan biri Qo‘shma chora-tadbirlar rejasini imzolashga tayyorgarlik bo‘ldi. Shu bilan birga, Samarqanddagi “Ipak yo‘lida turizm” tematik ofisini muhim mintaqaviy platforma sifatida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, transchegaraviy turizmni rivojlantirishga qaratilgan “Markaziy Osiyo turistik halqasi” tashabbusini ilgari surish masalalari muhokama qilindi. Qayd etilishicha, 60 dan ortiq davlat fuqarolari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga yagona safar doirasida tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa yagona turistik makonni shakllantirish uchun muhim asos yaratadi.
Alohida e’tibor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi – Global xavfsiz turizm kodeksini amalga oshirishga qaratildi. Shu munosabat bilan Hukumatlararo qo‘mitaning 2-yig‘ilishini o‘tkazish, hujjat loyihasini yakunlash hamda uni tashkilotning rahbar organlarida ko‘rib chiqish zarurligi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, mazkur masalani Ijroiya kengashi kun tartibiga kiritish taklif etildi.
Bundan tashqari, 2027-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yiliga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi hamda tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish va mintaqada barqaror hamda xavfsiz turizmni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.