Namanganda 65-Xalqaro Gullar festivali bo‘lib o‘tadi
Namanganda 65-Xalqaro Gullar festivali bo‘lib o‘tadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 24-maydan 12-iyulga qadar Namanganda 65-Xalqaro Gullar festivali o‘tkaziladi.
Turizm qo‘mitasi va Namangan viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilayotgan festival doirasida madaniy va ma’rifiy tadbirlar, teatr va sirk tomoshalari, gala konsertlar, modalar haftaligi, sanoat yarmarkasi va boshqa 150 dan ortiq xalqaro va respublika miqyosidagi tadbirlar o‘tkaziladi.
Har yili nafaqat yurtimiz, balki xorijdan ham minglab sayyohlarni jalb etadigan mazkur festivalga tayyorgarlik doirasida “Jamoa bo‘lib bir oy davomida eng ko‘p ekilgan gullar” yo‘nalishida Guinness World Records rekordini o‘rnatish yo‘lida shahar bo‘ylab 120 turdagi 150 milliondan ortiq gul ko‘chatlarini ekish ishlari davom etmoqda.
Mazkur tashabbus nafaqat rekord o‘rnatish, balki mamlakatimizning xususan Namanganning xalqaro imidjini yanada mustahkamlash, ekologik muhitni yaxshilash va aholi o‘rtasida bunyodkorlik ruhini kuchaytirish, eng asosiysi, bu yil yubiley tarzda nishonlanadigan 65-Xalqaro Gullar festivali nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Festival an’anaviy avtoparad bilan boshlanadi. Tabiiy gullar bilan bezatilgan 200 dan ortiq turli rusumdagi avtomashinalar viloyat markazining asosiy ko‘chalari bo‘ylab Namangan xalqaro aeroporti oldidan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i oldigacha bo‘lgan 10 kilometrdan ziyodroq yo‘lni bosib o‘tadi.
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida festival mehmonlariga xorijiy va mahalliy ishtirokchilar tomonidan maxsus maydonlarda tabiiy gullardan yaratilgan turli kompozitsiyalar, dizayn va dekoratsiyalar namoyish etiladi.
Har bir gul kompozitsiyasi nafaqat go‘zallik va estetik zavq bag‘ishlaydi, balki hududning betakrorlik va madaniy yuzini namoyon etuvchi ramziy ma’no kasb etadi.
Festival kunlari, shuningdek, “Namangan turizm salohiyati Inflyuyenserlar nigohida” nomli xalqaro forumi, “Osiyo ishbilarmon ayollari xalqaro forumi”, “Namangan 3-xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazmasi”, “Kinokarvon” loyihasi, “3-Xalqaro maqom san’ati” anjumani, “Xalqaro etnosport o‘yinlar” musobaqalari, “Hindiston madaniyat kunlari” bollivud shou, “Obod mahalla obod yurt” shiori ostida Respublika mahallari anjumani sport musobaqalari kabi tadbirlar o‘rin olgan.