Markaziy bank islomiy banklar litsenziyasini tasdiqladi
Markaziy bank islomiy banklar litsenziyasini tasdiqladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki islomiy bank faoliyatini amalga oshiradigan banklarni litsenziyalash tartibini tasdiqladi. Bank faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi boshqaruv qarori belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Hujjat O‘zbekiston Respublikasining islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan bo‘lib, islomiy banklarni tashkil etish va litsenziyalash tartibini belgilaydi.
Qarorda islomiy bank faoliyatini amalga oshiradigan banklarni tashkil etish tartibi va shartlari, shuningdek, amaldagi tijorat banklarining islomiy oyna ochish orqali islomiy moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishni boshlashi uchun zarur shartlar belgilangan.
Bundan tashqari, hujjat bankning Islomiy moliya kengashi aʼzolari hamda islomiy bank faoliyatini tashkil etish va yuritish uchun masʼul rahbar xodimlarga qo‘yiladigan malaka talablarini ham belgilaydi.
Markaziy bankning taʼkidlashicha, mazkur qarorning qabul qilinishi O‘zbekistonda islomiy bankingni joriy etish uchun normativ-huquqiy bazani shakllantirishning navbatdagi bosqichi bo‘lib, mamlakatda islomiy moliyaviy xizmatlarni izchil rivojlantirish uchun huquqiy shart-sharoit yaratadi.