Jahon banki O‘zbekiston logistikasini modernizatsiya qilishga chaqirdi
Jahon banki O‘zbekiston logistikasini modernizatsiya qilishga chaqirdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Jahon banki O‘zbekistonga transport xarajatlarini kamaytirish, zamonaviy ombor maydonlari yetishmovchiligini bartaraf etish hamda mamlakatning xususiy investitsiyalar uchun jozibadorligini oshirish maqsadida logistika sohasini kompleks modernizatsiya qilishni tavsiya etdi.
Bu xulosalar Jahon banki guruhining «O‘zbekiston xususiy sektori diagnostikasi» nomli yangi hisobotida keltirilgan.
Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekistonning Xitoy va Yevropani bog‘lovchi Yevroosiyo O‘rta yo‘lagi bo‘ylab joylashgan qulay geografik o‘rni xalqaro logistikani rivojlantirish uchun katta salohiyat yaratadi. Xalqaro avtomobil yuk tashuvlari hajmi 2022 yilda 12,2 million tonnaga yetgan bo‘lib, prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib 20 million tonnagacha oshadi.
Shu bilan birga, mavjud infratuzilma o‘sib borayotgan talabga hozircha to‘liq javob bera olmayapti. Jahon banki bahosiga ko‘ra, O‘zbekistonda logistika xarajatlari Yevroosiyoning yetakchi transport yo‘laklariga nisbatan 15–25 foizga yuqori. Shuningdek, A toifadagi omborxonalar yetishmovchiligi taxminan 90 foizni tashkil etadi.
Soha samaradorligini oshirish uchun Jahon banki sertifikatlangan tashuvchilar tizimini joriy etish, xalqaro avtomobil tashuvlari uchun ruxsatnomalarni Dozvol tizimi orqali to‘liq raqamlashtirish, shuningdek, ombor infratuzilmasini qurish uchun yer uchastkalari va qurilish ruxsatnomalarini olishda «yagona darcha» mexanizmini yaratishni tavsiya qildi.
Tadqiqot mualliflari bahosiga ko‘ra, ushbu choralarni amalga oshirish 1 milliard AQSH dollaridan ortiq xususiy investitsiyalarni jalb qilish va taxminan 110 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Bu esa O‘zbekistonning Yevroosiyodagi asosiy transport-logistika markazlaridan biri sifatidagi mavqeini yana-da mustahkamlaydi.