Gonkong biznes forumida Oʻzbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi
Gonkong biznes forumida Oʻzbekistonning turizm salohiyati namoyish etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 5–6-may kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus ma’muriy hududida “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston–Xitoy biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir doirasida Turizm qo‘mitasi mamlakat milliy stendida O‘zbekistonning turizm salohiyatini namoyish etdi. Unda taqdimot materiallari, videokontent hamda Gonkong turizm industriyasi vakillari bilan tashkil etilgan B2B uchrashuvlar orqali turistik yo‘nalishlar faol targ‘ib qilindi.
Mazkur tadbirda O‘zbekistonning ishtiroki Osiyoning eng yirik moliyaviy, biznes va logistika markazlaridan biri hisoblangan Gonkongda mamlakat pozitsiyasini mustahkamlash nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi. Gonkong Xitoy va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bozorlariga chiqish uchun muhim xalqaro platforma bo‘lib, global MICE hamda biznes turizmining yetakchi markazlaridan biri hisoblanadi.
Forumning ikkinchi kunida Hong Kong Convention and Exhibition Centre ko‘rgazma markazida Turizm qo‘mitasi tomonidan Gonkongning yetakchi turizm kompaniyalari, turoperatorlari va DMC vakillari ishtirokida B2B platforma tashkil etildi. Unda “ABC Travel Agency Co., Ltd”, “CC Holiday Ltd”, “Chan Kee Travel”, “Easy Travel”, “Gold Choice Holidays”, “Harmony Tours and Culture”, “Upper Century Holiday International” va boshqa kompaniyalar qatnashdi.
O‘zbekiston tomonidan “Ayvan International Avia Tour LTD”, “Satguru Travel”, “Travel Together”, “Maroqand Travel”, “Afandi Travel” kompaniyalari hamda Qashqadaryo viloyati turizm boshqarmasi vakillari ishtirok etdi.
Muloqot va muzokaralar yakunida turizm sohasi vakillari o‘rtasida qariyb 20 ta hamkorlik kelishuvi imzolandi.
Tadbirning keng ko‘lami O‘zbekiston delegatsiyasining yuqori darajadagi ishtiroki hamda xalqaro biznes hamjamiyatining O‘zbekistonga Markaziy Osiyoning yangi turizm va investitsiya markazi sifatidagi qiziqishi ortib borayotganini yana bir bor namoyon etdi. Gonkongdagi biznes missiyada O‘zbekistondan 150 nafardan ortiq tadbirkor ishtirok etib, tashrif dasturidan biznes doiralar bilan uchrashuvlar, investitsion taqdimotlar hamda mamlakatning eksport va turizm salohiyatini kengaytirishga qaratilgan tadbirlar o‘rin oldi.