Bukhara Desert Oasis & Spa majmuasi rasmiy turizm klasteri maqomini oldi
Bukhara Desert Oasis & Spa majmuasi rasmiy turizm klasteri maqomini oldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Mamlakatimizda turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqish, hududlarning turistik salohiyatini to‘liq ishga solish hamda zamonaviy turizm infratuzilmasini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qaroriga muvofiq, Buxoro viloyatining Romitan tumanida zamonaviy turizm klasterini tashkil etish vazifasi belgilangan edi.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Romitan tumanida joylashgan “Bukhara Desert Oasis & Spa” turizm maskaniga “Turizm klasteri” maqomi berildi. Tegishli sertifikat O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S. Bobokalonov tomonidan tantanali ravishda topshirildi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm tarmog‘i iqtisodiyotning eng jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Jumladan, mamlakatimizga tashrif buyurayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlar sonining ortib borayotgani, yangi turizm obyektlari va xizmatlar ko‘lamining kengayishi sohada olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda. Buxoro viloyati esa o‘zining boy tarixiy-madaniy merosi, noyob me’moriy obidalari va zamonaviy turizm maskanlari bilan sayyohlar e’tiborini tobora ko‘proq jalb etmoqda.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov Buxoro viloyatida bo‘lib, hududdagi tadbirkorlar va turizm sohasi vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, xizmatlar sifatini oshirish, ekoturizm va cho‘l turizmini rivojlantirish, shuningdek, yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur muloqotlar natijasida viloyatda bir qator yangi turistik maskanlar, dam olish zonalari va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlab yuborildi.
“Bukhara Desert Oasis & Spa”ga berilgan “Turizm klasteri” maqomi ham ana shu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘lib, hududning turizm salohiyatini yanada oshirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda xizmatlar sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Mazkur klaster zamonaviy mehmonxona va dam olish xizmatlari, milliy madaniyat elementlari, gastronomik yo‘nalishlar hamda cho‘l tabiati bilan uyg‘unlashgan ekoturizm imkoniyatlarini o‘zida mujassam etgan. Bu esa mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yangi va jozibador turistik mahsulotlarni taklif etish imkonini beradi.
Shuningdek, loyiha Romitan tumanining turizm jozibadorligini oshirish, Buxoro viloyatida ekoturizm va sarguzasht turizmini rivojlantirish, hududga investitsiyalar oqimini kengaytirish hamda aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Mutaxassislar fikricha, bunday turizm klasterlarining ko‘payishi nafaqat hudud iqtisodiyoti rivojiga, balki O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
“Bukhara Desert Oasis & Spa” turizm klasterining faoliyati Romitan tumanini nafaqat Buxoro viloyati, balki butun mamlakatning istiqbolli turizm manzillaridan biriga aylantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.